Get Mystery Box with random crypto!

Umringiz siz o‘ylaganingizdan kamroqligi haqida O‘zbekistonda | Suxrob — oddiy odam

Umringiz siz o‘ylaganingizdan kamroqligi haqida

O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 73,8 ga teng. Agar siz 18 yoshda bo‘lsangiz, bu 55 yilingiz qoldi degani. Buni kunlarga o‘giradigan bo‘lsak, 20075 kunga; soatlarga o‘giradigan bo‘lsak, 481800 soatga teng bo‘ladi. Hali yashaydigan umrimiz ko‘p.

73 yosh yashashingiz uchun uxlashga va sog‘lig‘ingizni yaxshilaydigan ishlarga kuniga 8 soat ajratishingiz kerak bo‘ladi. Bu sizda 321200 soat yoki boshqacha qilib aytganda 36,6 yil qoldi degani. Hali ham yetarli umrimiz bor.

Har kuniga ovqatlanishga o‘rtacha 2 soat, ishga/o‘qishga borishga 2 soat ketadi. Kutilmagan holatlarga 0 soat vaqt ketadi deb, ovqatlanish va yo‘l soatlariga uni qo‘shib yuborsak, sizda yashashingiz uchun 27,5 yil yoki 240900 soat qoladi.

Agar siz oilangizni boqish uchun, kattaroq daromad olish uchun yoki majburlikdan haftada 6 kun 8 soatdan o‘zingizga yoqmaydigan ishda ishlasangiz, sizda yashash uchun 11,8 yil yoki 103620 soat qoladi.

Agar haftaning dam olish kunlarida ham ishlaydigan bo‘lsangiz yoki uyda janjal chiqadigan bo‘lsa, sizda o‘zingizni yaxshi his qilib hayot kechirishingizga 1 yildan kamroq vaqt qoladi.

Hali men uy ishlariga, bozorlik qilishga, munosabatlardagi muammolarni to‘g‘irlashga, telefonga va boshqa ishlarga ketadigan vaqtni aytganim yo‘q. Ayol bo‘lsangiz, undan ham qiyinroq: Xalqaro mehnat tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan 3 barobar ko‘proq vaqtni uy ishlariga ketkizishadi.

Men bu ma'lumotlarni yozib, sizni tushkunlikka tushirib qo‘ymoqchi emasman. Men bir marta yashaydigan hayotingizda sizga yoqmaydigan ishda ishlashingizni, to‘y o‘tkazishga pul topish uchun qo‘shimcha ishlarda ishlashingizni, internetga va arzimas narsalarga ko‘p vaqtingizni ketkazishingizni xohlamayman. Hayotingizni qanday o‘tkazish haqida, shunchaki, o‘ylab ko‘ring.

Umr vaqtim ko‘p deb o‘ylab yurgan yaqinlaringizga postni ulashing
@suxrob_oddiy_odam