Get Mystery Box with random crypto!

Imtihonlarga tayyorlanishda foyda beradigan 5 usul (1-qism) 1 | Suxrob — oddiy odam

Imtihonlarga tayyorlanishda foyda beradigan 5 usul
(1-qism)

1. Interval takrorlash (spaced repetition)

Xotirani ko‘pchilik ombor sifatida ko‘radi. Kompyuterga nimanidir saqlasangiz, u asl holicha qolganidek xotirada ham shunday qoladi, deb o‘ylashadi.

Lekin xotirani ko‘nikma deb bilish ko‘proq foyda beradi. Masalan, qaysidir futbolchi ancha vaqt futbol o‘ynamasa, uning to‘p tepish ko‘nikmasi sustlashadi, avvalgidek yaxshi o‘ynolmaydi. Xotirada ham shunday. Agar nimanidir qayta eslab turmasangiz, xotirangizdan chiqib ketadi.

Nemis olimi German Ebbingauz ma'lumotlar qanday qilib xotiramizdan chiqishini ko‘rsatib bergan. Buni pastdagi surat orqali bilib olishingiz mumkin. Masalan, 3 kundan so‘ng 80 foiz ma'lumotlarni esdan chiqaramiz.

Keling, nimanidir xotiramizda saqlab qolishni gazon (o‘t) ustida yugurishga o‘xshatamiz.

Agar birdaniga ko‘p ma'lumotni o‘qisangiz, birdaniga hamma gazonning ustidan yugurgan bo‘lasiz. Gazon egiladi, lekin tezda yana asl holatiga qaytadi. Ya'ni ma'lumot xotirangizdan chiqadi. Shuning uchun ham o‘qib bo‘lganingizdan birdan test yechganingizda ko‘p to‘g‘ri javob chiqadi, lekin 3 kun o‘tganidan keyin test yechganingizda natijangiz past chiqadi.

Agar kam-kamdan muntazam gazon ustida yugurib borsangiz, gazon egilib boraveradi, qayta turolmaydigan bo‘lib qoladi, oxiri esa gazon yo‘qolib, faqat tuproqli yer qoladi. Xotirada ham shunday.

Interval takrorlash undan ham yaxshi yo‘lni taklif qiladi. Esingizda bo‘lsa, gazonning ustida yugurganingizdan keyin gazon tezda o‘z holatiga qaytib oladi. Lekin ikkinchi marta yugurganingizda gazon o‘z holatiga qaytishiga ko‘proq vaqt ketadi. Uchinchisida undan ham ko‘p. To‘rtinchisida undan ham ko‘p-ko‘p. Xotiramizda ham shunday.

Interval takrorlash bundan iborat: o‘qiganingizni bir kundan keyin test orqali takrorlaysiz, xatolar chiqsa, ularni yana bir o‘qib olasiz. Endi bir kundan keyin emas, ikki kundan keyin test orqali takrorlaysiz, xatolar chiqsa esa yana bir o‘qib olasiz. Keyingi safar ikki kun emas, uch kundan so‘ng test orqali takrorlaysiz. Va shu tartibda davom etasiz. Qarabsizki, imtihonga bir kun qolganida birdaniga hammasini takrorlashga to‘g‘ri kelmaydi. Ham interval takrorlagan bilimlaringiz uzoq muddatga esingizda qoladi.

Xullas, takrorlash — bilimlarning onasi.

———
Imtihonlarga to‘g‘ri tayyorlanish usullari haqidagi postning 2-qismi chiqishini xohlasangiz, 500 ta " " reaksiyasini qoldiring. Men har doimgidek shundan mavzu qiziq yoki qiziq emasligini bilib olaman .
@suxrob_oddiy_odam