Get Mystery Box with random crypto!

Hamma yerda takror va takror 'mebelni erkak qilishi kerak, gil | Sakinat maskani | Oila maskani haqida

Hamma yerda takror va takror "mebelni erkak qilishi kerak, gilamni erkak qilishi kerak, erkak - erkak bo‘lishi kerak", deb qaytaraverib, qaytaraverib natijaga erishdik. Yigitlar uy olyapti, remont qilyapti, parda, gilam, mebel, jihozlar bilan to‘ldirguniga qadar yoshi o‘ttizga yetyapti...

Bir yomon illatdan qutulib, undan battar boshqa illatga yo‘liqdik. Biz orzu-havaslarimizni qaychilash, jilovlash o‘rniga, dabdabani bir tarafdan, ikkinchi tarafga yukladik. Uy-joy qimmat, ish yo‘q, ijtimoiy og‘ir holatda yashaydigan, asosiy xalqi Rossiyada tirikchilik qiladigan odamlar uchun juda katta mablag‘ talab qiladigan sarf-xarajatni kuyovga yukladik. Bechora kuyovlar uy olish uchun besh yil, remonti uchun ikki yil ishlar edi. Endi qo‘shimcha yana besh yil ishlayapti qandaydir latta-putta va mebellar uchun.

Ko‘p tanishlarim, jiyanlarim uylanmay yuribdi. "Ha?", desa "uy-joy qilishim kerak, ichini o‘zim to‘ldirishim kerak", deb. Uy-joyi bori ichini to‘ldirish g‘amida. "Kelinni divanida yotmayman", deb yillab ishlayapti. Umri o‘tib ketyapti. Ko‘p yigitlar o‘ttizga yaqinlashib uylanyapti. O‘zini tutib, pul topib, orzularni ro‘yobga chiqarguniga qadar, boshqa yerdan ikkita bolalik bo‘lyapti. Oxirgi bir yilda sanoqsiz odamlardan eshityapman "kuyovni boshqa xotini bor ekan. Uylanib olgan ekan. Bolasi ham bor ekan", deb qizlarini ajratib yuborayotgan ota-onalarni. Nima deb o‘ylagan edinglar? O‘ttizga kirib, qizlarga qaramay yuradi debmi? Uzr-ku, shunday yigitlar bo‘lsa yoki mijozi kasal bo‘ladi. Yoki juda taqvodor bo‘ladi.

Hadisga muvofiq uylantirish va erga berishga shoshilish o‘rniga, yildan yilga uzaytirib boryapmiz. Natijada fahsh avjiga chiqyapti. Oilalar buzilyapti. Hozir zamon o‘zgargan. Instagram, tik-tok va yana ko‘plab tarmoqlarda ayollarni ko‘rib, uylanish ham shart emas. Yillar davomida "sevgilisi" qo‘li bo‘lib qolib, "xotinimdan mazza qilmayapman", deb yurgan erkaklar shifokorga, psixologga boryapti. Yoki dardini hech kimga aytmay, o‘sha hayotida davom etyapti.

Bir kishi maqtanyapti "Hamma sovchi bo‘lib kelayotganlar, pasportni o‘zini olamiz, hamma narsa tayyor", deyapti deb. Bir hisobda xursandman. Odamlar tushunib qoldi qiz taraf majbur emasligini. Lekin yangi remont qilingan uy, parda, gilam va mebellar ham shart emasligini tushuninglar endi. Borlar uchun muammo emas. Ammo hech narsasi tayyor bo‘lmagan, halol yigitga ham erga bersa bo‘laveradi. Baxtli yashash uchun parda, gilam va mebellar shart emas.

Hamma narsa tayyor deb eshik qoqayotgan bechora kuyovlarni aksarini otni kallasiday qarzi yoki to‘yni o‘tkaziboq Rossiyaga ketish uchun bileti yonida. Yosh kelinlar parda, gilamlik uyda yastanib, yostiq quchoqlab uxlaganida, kuyovlar mardikorchilikka ketadi. Yangi kelin kechalari yolg‘iz yotadi. Yolg‘izlikdan kelib chiqayotgan mashmashalarni esa sanamay qo‘ya qolay. Zotan, siz ham kunda, kun ora eshitib turibsiz ushlangan kelinlarni, qochib ketgan kelinlarni, telefonda gaplashgan yosh kelinchaklarni.

Dunyo matohlarini deb Rossiyada o‘n yillab ishlab, uyni to‘ldirib uylanish shart emas. Boriga uylanaveringlar. Kuni kecha bir ona bilan gaplashdim. O‘g‘li sakkiz yildan beri Rossiyada ishlar ekan. Uy olish uchun kerakli pulni yig‘ibdi. Sovchilikka borsa, onasi bilan bir domda turadimi, deb odamlar qiz bermayotgan ekan. Endi uyni olib, ichlarini to‘ldirib, keyin bemalol yuraman sovchilikka dedi. Hayron qarab qoldim. O‘n yil xotin olish uchun ishlaydi. U yigit Rossiyada zino qilib qo‘ymasligiga, birortaga uylanib olmasligiga garantiya yo‘q. Jamiyat qonun deb qo‘ygan urflarni, udumlarni qurboniga aylanayotgan yosh umrlarga achinasan. Soxta obro‘, manmanlik, odamlar ko‘rib qo‘ysinga yashash jamiyatni chirityapti.

O‘sha mashhur gap: "To‘y qimmat bo‘lgan yerda, zino arzon bo‘ladi (ko‘payadi)". Yevropani chiritgan narsa zinoni oshkor va ochiq bo‘lishi, to‘ydan ko‘ra "yashab" ko‘rish arzon bo‘lishi. Erkaklarni kech uylanishiga sabab, uylanish yoshigacha bemalol istagani bilan, istagan usulda shahvatni qondirish imkoni borligi. Erkaklarni shunga majburlayapsizlar.