Get Mystery Box with random crypto!

Abdulloh ibn Ummi Maktum asli makkalik, qurayshiylardan, Rosul | Sahobalar hayoti

Abdulloh ibn Ummi Maktum asli makkalik, qurayshiylardan, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bilan qarindoshligi bor — ummul mo’minin Хadicha binti Хuvaylidning tog’avachchasi. Otasi — Qays ibn Zaid, onasining ismi Otika binti Abdulloh. Bu ayolning Ummu Maktum (ummu — ona, maktum — berkitilgan) deb atalishiga sabab, — farzandi Abdullohni ko’zi ko’r holatda tuqqan.

Makkada porlagan hidoyat nurining ilk shu’lalaridan biri Abdulloh ibn Ummi Maktumning qalbini yoritdi. U islomni peshqadamlar safida qabul qildi. Ibn Ummi Maktum Makka musulmonlari duchor bo’lgan barcha qiyinchilik va mushkulotlarni boshidan kechirdi. Safdosh birodarlari qatori bu og’ir imtihonni sabru bardosh, sabot va matonat bilan qarshi oldi. Quraysh kofirlari as'hoblarga yetkazgan turli-tuman aziyatlar, ularga nisbatan qo’llagan ko’z ko’rib, quloq eshitmagan qiynoqlar Abdullohni ham chetlab o’tmadi, ammo u asl iymon sohiblariga xos ravishda dovdirab qolmadi, irodasi bukilmadi, iymoni zarracha zaiflashmadi. Balki Allohning dinini qat'iyroq tutdi, Robbisining kitobiga mahkamroq yopishdi, Yaratguvchisi yuborgan shariatni chuqurroq tushunadigan bo’ldi va butun olamlar sayyidiga yanada muhabbati ortdi.

U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan shunchalik zo’r muhabbatli, Qur’oni Karimni yodlashga haris ediki, har bir daqiqasini g’animat bilardi, qulay fursat kelib qolsa, albatta, undan unumli foydalanardi. Hatto ba’zan Payg’ambar alayhissalomning boshqalarga ajratadigan vaqtini ham o’ziniki qilib olgisi kelardi...
Ma’lum muddat Rasululloh sollallohu alayhi va sallam asosiy da’vat e’tiborini Quraysh oqsoqollariga qaratib, ularni iymonga kelib qolishlari umidida ko’p harakat qildilar. Bir kuni Utba ibn Rabia, uning birodari Shayba ibn Rabia, Abu Jahl deb kunyalangan Amr ibn Хishom, Umayya ibn Хalaf, "Allohning qilichi" Хolidning otasi Valid ibn Mug’iyralarning jamoatiga borib, ular bilan suhbatlashdilar, muzokara olib bordilar, islomga chaqirdilar. Ul Zot suhbatdoshlari da’vatni qabul qilishlaridan, jilla qursa, sahobalarga yetkazayotgan aziyatlarini to’xtatishidan umidvor edilar.
Shu payt Abdulloh ibn Ummi Maktum
"Yo Rasululloh, Alloh sizga bildirgan narsalardan menga ham o’rgating",
deb kelib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qoshlarini chimirib, yuzlarini burib oldilar va Quraysh zodagonlariga so’zlashda davom etdilar. Chunki o’rtaga tikilgan narsa nihoyatda muhim edi — agar ular islomga kirsalar, Allohning dini kuchayar, Rasulining da’vati quvvatlanardi.