Get Mystery Box with random crypto!

Abdulloh ibn Umarning sahiyligi, zuhdi-taqvosi hecham uni tark | Sahobalar hayoti

Abdulloh ibn Umarning sahiyligi, zuhdi-taqvosi hecham uni tark etmasdi. U nihoyatda ko‘p ehson qilar edi. Bu sahiylik uni faqir kishilar qatoriga qo‘shib qo‘yishi mumkinligidan sira qo‘rqmas edi. Buning sababi, u o‘ta zohidlardan bo‘lganligidir. Ibn Umar tijorat bilan shug‘ullanadigan, tijorati doim foyda keltiradigan, o‘ziga to‘q sahobiylardan bo‘lgandi. Unga baytul moldan tayin qilingan maosh ham juda ko‘p edi. Ammo ibn Umar bu maoshning bir dirhamini ham o‘ziga olib qolmay, miskin, faqir va muhtojlarga taqsim qilardi.

Abdulloh ibn Umarning buyuk xislatlaridan birini bizga Ayyub ibn Voil Ar-Rasabiy hikoya qilib beradi:

“Bir kuni baytul moldan ibn Umarga 4 ming dirham maosh bilan bir qancha duxoba mato keltirildi. Ertasi kuni men uni bozordan oti uchun somonni qarzga olayatganini ko‘rdim. Darhol uning uyiga borib, ahlidan:

“Axir kecha ibn Umarga 4 ming dirham bilan bir qancha duxoba mato kelmagan edimi?”- deb so‘radim.

Ular menga:

“Ha, shunday bo‘lgan edi” — deb javob qilishdi.

Men esa, taajjublanib:

“Bugun uni bozordan otiga yemni qarzga olayatganini ko‘rdim!” — dedim.

Ular dedilar:

“U zot barcha pullarni tarqatib yubormaguncha uyquga yotmadilar. So‘ngra duxoba matoni yelkalariga ortib ko‘chaga chiqib ketdilar. Qaytib kelganlarida, mato yo‘q edi. Biz u kishidan mato haqida so‘rasak, faqir va miskinlarga tarqatib yuborganliklarini aytdilar”.

Shu payt men hayratga tushib, kaftlarimni bir-biriga urib, bozor tomonga yugurib ketdim. Bozorga borgach, bir tepalikka chiqib:

“Ey tijoratchilar, ko‘zingiz qayoqda, mana ibn Umarga baytul moldan 4ming dirham pul kelgan edi, U esa pullarni barchasini miskinlarga tarqatib yuborib, oti uchun pichanni qarzga sotib olayapti!” — deb qichqirdim”.. .

Ha ... U zotning ustozi Muhammad sollallohu alayhi vassalam, otasi esa Umar ibn Xattob r.a. edilar. Shuning uchun unga bundan o‘zgasi munosib ham emasdi.