2022-01-28 05:39:12
Erk yodi singari xaroba vujud
yaqinlashib soʻrar mendan –
lahaddan:
ayt, sening ham ketging keladimi hech,
bu Ketmoq istagi nomli shahardan?
Sharpalar sukutin yelkalab borgum,
manozil mavhumdir – yitgan, toʻzgʻigan.
Ruhimni chorlaysan,
men esa bu dam
bir poklik izlayman hirschil koʻzingdan.
Bir poklik izlayman,
bari noravo,
bilasan, azaldan qulga xosdirman.
Ishon, lek shubhalan,
bil, lek bildirma –
azobi yolgʻonu ohi rostdirman.
Har tomchida oʻzin fosh qilgan dengiz
va koʻrmoq istagan oʻz koʻzin rangin…
men shunday muztarib,
sen shunday zarif
hilvatda olingan boʻsalar yangligʻ…
Boshim urib bordim Gunoh poyiga,
qargʻishlar umrimni otdi komidan.
Vale meni topding,
ishqing – intiqom,
yashil talvasalar izdihomidan.
Qasamlar ichasan Havvo nomi-la,
ay, mening xayolim Odamda kezar.
Ogʻu tutqazasan jonning jomida,
ichaman, oʻlmasman, dilni shu ezar.
Sezurman,
Isrofil suri zanglamish,
yoʻqsa men borman-ku,
qani Qiyomat?
Ket endi,
kelmogʻing kutilgan baxtdir
va lekin ketmogʻing – eng ulugʻ omad.
Sharpalar sukutin yelkalab borgum…
Mirzohid Muzaffar
@qaylardasanmendekoylovchi
6.4K views𝙱𝚊𝚁𝚒𝙱𝚒𝚁 𝚃𝚊𝙽𝚒𝙼𝚊𝚈𝚜𝙸𝚣 ツ, edited 02:39