Get Mystery Box with random crypto!

​​ Paygʻambarning jannatdagi qoʻshnisi... Dunyoda necha-nech | .

​​ Paygʻambarning jannatdagi qoʻshnisi...

Dunyoda necha-necha podshohlar, paygʻambarlar, avliyolar, ulamolar, olimlar borki, bularning barchasini toʻqqiz oy qiyinchilik, mashaqqat ila bu dunyoga kelishiga sababchi boʻlgan zot – bu moʻtabar, mushtipar ona.
Rivoyatlarda kelishicha, Muso alayhissalom oʻziga jannatda kim qoʻshni boʻlishini bilish istagida Alloh taologa iltijo qildilar. Bir kuni shunday nido keldi: “Ey Muso, falon yerda yashovchi qassob sening jannatdagi qoʻshning va doʻsting boʻladi...”. Muso alayhissalom qiziqib, qassob qaysi ibodati uchun bunga munosib koʻrilganini bilish niyatida yoʻlga chiqdilar. Borib qassobni axtarib topdilar. Qassob hazrati Musoning haq paygʻambar ekanini bilgan va bunga imon keltirgan, lekin paygʻambarning oʻzini koʻrmagan edi, shuning uchun tanimadi. Kechqurun qassob hazrati Musoni uyiga olib ketdi. Taom tayyorlab, dasturxon tuzadi. Ovqatlanishga kirishishdan oldin u devorga osigʻliq bir savatni yerga tushirdi va undan qimirlashga madori qolmagan bir qari kampirni chiqardi. Xuddi goʻdakni ovqatlantirgandek uni yedirdi, ichirdi va yana savatga solib, devorga ilib qoʻydi. Shunda kampir nimalardir deb pichirladi. Uning nima deyayotganini tushunmagan Muso alayhissalom qassobdan soʻradi: “Bu kampir kimingiz boʻladi?”
Qassob: “Bu ayol mening onam. Oʻtirib-turishga, yeb-ichishga madorlari yetmaydi. Shuning uchun oʻzim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tozaliklariga qarayman. Koʻlimdan kelganicha xursand qilishga urinaman”, dedi.
Muso alayhissalom: “Hozirgina nimadir deb pichirlagandi, shunda nima dedi?” deb soʻradilar.
Qassob: “Parvardigorim, men oʻgʻlimdan roziman, Sen ham undan rozi boʻl! Jannatda uni hazrati Musoga qoʻshni qil, deb duo qildi”, dedi.
Shunda Muso alayhissalom oʻzini tanitish vaqti kelganini tushundi va: “Men Allohning paygʻambari Musoman. Allohdan jannatdagi qoʻshnim kim boʻlishini bildirishini soʻrab iltijo qilgan edim. Janobi Haq sen ekaningni maʼlum qildi. Senga xushxabar boʻlsin, onangga qilgan xizmatlaring evaziga Alloh sendan rozi boʻldi. Onang duosini qabul ayladi va seni jannatda menga qoʻshni qildi”, dedilar.

Salimjon qori Qodirov –
“Ayolni eʼzozlagan din” kitobi

@QalbanYaqinsiz