Get Mystery Box with random crypto!

“Yaxshiyam seni uchratdim” 3-QISM. Qachonlardir Umarning hayo | Koʻzimning nuri

“Yaxshiyam seni uchratdim”
3-QISM.


Qachonlardir Umarning hayotidan eng yaxshi ko‘rgan insonlaridan birini tortib olgan taqdir, endi esa uning qalbidagi bo‘shliqni boshqa bir inson bilan to‘ldirish uchun yana noyabr oyini tanlagandi.

Osmonni bulutlar qoplagan, sovuq esayotgan shamol esa daraxtlarning so‘nggi yaproqlarini ham uchirib ketyapti. Umar institut binosining ichkari tarafidan deraza oldida turgancha kelib-ketayotgan talabalarni xayolchan kuzatib turardi. Shu on uzoqroqdan bir qiz ko‘rindi. Egnida uzun palto, uchlari qo‘ng‘ir qilib turmaklangan sochlari bir qilib yig‘ilgan, qoshlari qalin, tim qora ko‘zlarini yerga tikkancha dam yurib, dam yugurib o‘quv binosi tomon kelyapti. Aslida hali bu soatda darslar boshlanmangan bo‘ladi, uning bu shoshilib kelishi odamlar nazaridan qochayotgan xurkak kiykni eslatardi. Eshik oldida dugonasi lablarini keng yoyib, tabassum qilgancha kutib oldi. Ikki dugona gaplashib turarkan ularning biri — Umar kuzatayotgan qizning yuzida qandaydir norozilik, behalovatlilik alomatlari ko‘rinib turardi. Umar buni ko‘rib, atrofda qizga tikilayotgan nazarlardan uyalganidan, hayosidan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi-yu, asta jilmayib qo‘ydi.

O‘sha kuni Umarning yuragida nimadir «jiz» etdi-yu, uning o‘zi bundan bexabar edi. O‘sha kundan e’tiboran Umar u qiz bilan ko‘p marta duch keldi. Avvallari ham duch kelgan bo‘lishi mumkin, faqat buni o‘zi bilmagan. U qizning nimasidir Umarni o‘ziga tortgandi, qiziqtirib qo‘ygandi. Yo‘q, u sevib qolmagandi, chunki sevish o‘zi nimaligini bilmaydi, shu paytgacha Umarning lug‘atida bunday so‘z bo‘lmagan. Balki bo‘lgan-u, uni hech ishlatmagan.

Bir kuni ma’ruzalar zalida, Umarning guruhi bilan birga o‘sha qiz va u qizning kursdoshlari ham o‘tirishardi. Umar uzoqdan yana o‘sha qizni kuzatyapti. Domla talabarni birma-bir yo‘qlama qilarkan, Umar navbatning o‘sha qizga kelishini sabrsizlik bilan kutdi. Va nihoyat, domla u qizning familiyasini o‘qidi va ismini qo‘shib: — “...Maryam!” deya murojaat qildi. U esa ovozini chiqarmay, yoki juda ham past ovozda “Men” degandek qo‘lini ko‘tardi. Umar yuzida ajib bir tabassum bilan lablarini asta qimirlatib: — “Maryam...” deya takrorladi.

*

Bahor ham keldi. Juda issiq bo‘lmagan yoqimli kunlar. Shamol ham huzur beradigan darajada inson tanasiga siypalib, erkalanib esyapti go‘yo. Tunlari esa yulduzlar yanayam yaqinroqdan porlayapti.

Bugun shivalab bahorning birinchi yomg‘iri yog‘yapti. Umar «Istiroxat» ko‘chasidagi daraxtlar orasidan o‘tgan uzun piyodalar yo‘li bo‘ylab xayollari bilan yurib boryapti. Albatta, u hozir ham Maryam haqida o‘ylayapti. Maryam Umarga xuddi o‘lgan odamdek yashayotgan bu tanasining ichida uning ham ruhi borligini eslatdi. Shu bilan birga Umar ham ko‘rgan insonlari ichida ilk bor ruhi tirik insonni uchratgandi. Albatta, hammaning ham ruhi bor, lekin ko‘pchilikning bundan xabari yo‘q. Ruh faqat o‘ziga o‘xshagan ruhni uchratgandagina biz bilan, aqlimiz, o‘lchovlarimiz bilan hisob-kitob qilib o‘tirmay uyg‘onadi. O‘sha lahzadan e’tiboran chin ma’noda yashashni — ruhi bilan yashashni boshlaydi inson.