Get Mystery Box with random crypto!

#TIV #Tojikiston Tojikiston Rossiya elchisiga norozilik nota | Migrant.uz axborot-xizmat portali

#TIV #Tojikiston
Tojikiston Rossiya elchisiga norozilik notasini topshirdi

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi 29-aprel kuni Rossiyaning Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorevga nota berilganini ma’lum qildi.

Bu safar nota Tojikiston fuqarolarining aeroportlarda qolib ketayotgani, salbiy munosabatga uchrayotgani, shuningdek, tojikistonliklarning huquq va erkinliklari buzilayotgani bo‘yicha jiddiy xavotirlar tufayli berilgan.

Notada, Tashqi ishlar vazirligi bunday xatti-harakatlar tojik-rus munosabatlarining ildizi, ruhiyati va an’analariga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, 22-martda Moskva shahrida bo‘lgan teraktdan so‘ng Rossiyada tojikistonliklarga nisbatan tekshiruvlar, tahqirlar va salbiy munosabat ko‘paydi.

Oxirgi vaqtda Rossiyaga kirish chegara punktlarida Tojikiston fuqarolari kiritilmay, noinsoniy sharoitlarda qolayotgani kuzatildi. Xususan, Orenburg viloyatidagi chegarada va Moskva shahridagi aeroportlarda mingdan oshiq tojikistonliklar sababsiz Rossiyaga kiritilmay qolib ketayapti.

Neytral hududda qolayotgan tojikistonliklarning holati va huquqlarining buzilishi tufayli Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 26-aprel kuni ham nota bergan edi.

Nota berishdan tashqari Tojikiston hukumati o‘z fuqarolarini Rossiyaga bormaslikka chaqirgan.

Mazkur e’tiroz yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova chegarada tekshiruvlarning kuchayishi faqat tojikistonliklarga emas, barcha xorijliklarga nisbatan o‘tkazilayotganini, bu vaqtinchalik chora ekanini va terrorizmga qarshi kurash maqsadida amalga oshirilayotganini bildirgan.

Obuna bo‘ling
@migrantuz