Get Mystery Box with random crypto!

25-mavzu SO‘Z VA MATBUOT ERKINLIGI – TARAQQIYOTNING MUHIM SH | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

25-mavzu

SO‘Z VA MATBUOT ERKINLIGI – TARAQQIYOTNING MUHIM SHARTI


Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart.
Shavkat MIRZIYOYEV


Odatda dunyo mamlakatlari uch toifaga – taraqqiy topgan, rivojlanayotgan va rivojlanmagan davlatlarga bo‘linadi. Endi bu tabaqalashtirishda axborotlashtirish qay darajada ekani eng muhim va zarur ko‘rsatkichlardan biriga aylanib bormoqda. Chunki aholining axborot olish va tarqatish imkoniyati jamiyatda ijtimoiy komillik poydevori bo‘lmish emin-erkin fikrlash muhiti yaratilganidan dalolatdir. Bugungi kunda birorta davlat global axborot oqimidan chetda qolmagan, desak yanglishmaymiz. Sababi, har qanday katta-kichik, muhim-nomuhim axborot istalgan lahzada dunyoga tarqalishi mumkinligi hech kimni hayratlantirmay qo‘ydi.

Shu o‘rinda mashhur yozuvchilardan biri Paulo Koeloning «Inson ixtiro qilgan vayronkor qurollar orasida so‘z eng xatarli va kuchli qurolligicha qolmoqda» degan fikrini eslab o‘tishimiz o‘rinlidir. Negaki, XXI asrda axborot oqimi shu darajada jadallashdiki, OAVga yo‘naltirilgan turli mafkuraviy g‘oyalar insonlar ongiga nihoyatda kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Buning ortidan esa ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqeiliklar sodir bo‘layotgani – u xoh salbiy bo‘lsin, xoh ijobiy – SO‘Z naqadar qudratli kuch ekanligini yaqqol belgilab beradi. Ya’ni, har bir axborotning o‘z egasi va iste’molchisi, ortidan ergashuvchi auditoriyasi bo‘ladi. Bundan tashqari, u ma’lum bir g‘oya singdirilishiga xizmat qiladi.

So‘z va matbuot erkinligi to‘g‘risidagi qarashlar ancha oldin paydo bo‘lgan bo‘lsada, faqatgina 1948-yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ushbu erkinliklar qonunan belgilab qo‘yildi. Xususan, deklaratsiyaning 19-moddasida shunday deyiladi:
«Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega. Bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi». Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni ham e’tirof etish joiz. O‘zbekistonda so‘z, axborot va matbuot erkinligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy islohotlar mustaqillikning dastlabki yillaridanoq boshlangan. Xususan, 1991–2002-yillar orasida «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilishga erishilgan. O‘tgan davrda sohaga oid qonunchilik bosqichma-bosqich takomillashdi, davlat rahbari tomonidan axborot sohasiga tegishli bir necha muhim farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilindi. Ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda akkreditatsiya qilinib, ularning mamlakatda erkin faoliyat yuritishlari uchun huquqiy zamin yaratildi. Milliy axborot makoni va axborot infratuzilmasini rivojlantirmay turib, so‘z erkinligi va axborot ochiqligini ta’minlashga erishib bo‘lmaydi. Shu maqsadda mustaqillik yillarida yurtimizda OAV uchun qulay infratuzilma yaratish borasida ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirildi.

OAV xodimlari uchun muhim sanalar belgilangan. Jumladan, 3-may «Butunjahon matbuot erkinligi kuni» sifatida e’tirof etilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda har yili 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. OAV davlat organlariga ularning faoliyati haqida axborot olish uchun og‘zaki yoki yozma so‘rov bilan murojaat etish huquqiga ega. Jurnalistlar axborot olish borasida daxlsizlik huquqidan foydalanadi. Ularga nisbatan senzuraga yo‘l qo‘yilishi mumkin emas!