Get Mystery Box with random crypto!

49-mavzu KASBIY MADANIYAT VA INTIZOM – XALQCHIL TUZILMA ASOSI | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

49-mavzu

KASBIY MADANIYAT VA INTIZOM – XALQCHIL TUZILMA ASOSI

Ichki ishlar organlari xodimlari Vatan va xalq manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yib, xizmat burchlariga sodiq qolishlari, kasbiy madaniyat talablariga, intizom va qonunchilikka qat’iy rioya etishlari, shuningdek, yosh xodimlarda shu kabi fazilatlarni shakllantirishda xizmat jamoalarining o‘rni va ta’sirini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng asosiysi, bugungi islohotlarning bosh maqsadi bo‘lgan – inson qadrini qaror toptirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Islohotlarning samarali bo‘lishi tizimli va kompleks yondashuvni talab etib, natijadorligi esa kadrlarning salohiyati darajasiga bevosita bog‘liq. Shu bois tizimda kadrlar siyosatini yuritish masalasiga doimiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muhim vazifa sifatida qaralmoqda. Tizimga qanchalik yangi tuzilmalar, ish uslublari kiritilib, shaxsiy tarkib zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlanmasin, ulardan oqilona foydalanilmasa, xodimda bilim, mahorat, ma’naviyat va vatanparvarlik hamda sadoqat yetishmasa, bunday kuch tuzilmasini ishonchli va xalqchil deb bo‘lmaydi. Shuni chuqur anglagan holda, so‘nggi ikki yilda ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalasiga tizimli yondashilmoqda.

Bu boradagi birinchi qadam 2021-yil fevral oyida davlatimiz rahbarining IIV va Toshkent shahar IIBBga qilgan amaliy tashrifi chog‘ida qo‘yilgan. Ushbu tarixiy tashrifda Prezidentimiz oldimizga tizimda xodimlar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish hamda kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish vazifasini qo‘yib, ushbu tizimning asosini yaratib bergan edi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi tizimda intizom va qonuniylik muhitini qisqa vaqt ichida ijobiy tomonga siljita oldi. Lekin tizimda hali muammolar, ayniqsa, xodimlarning muomala madaniyati va kasbiy salohiyati bilan bog‘liq kamchiliklarning mavjudligi sohada hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar juda ko‘pligini ko‘rsatmoqda edi.

Mazkur muammolarni bartaraf etish yo‘lida olib borilgan o‘rganishlar va tahlillar xodimlar uchun kasb madaniyati va intizom normalarining yagona majmuasi mavjud emasligini, xizmat intizomining qat’iy talablar borasida ayrim bo‘shliqlarning mavjudligi ko‘zlangan natijalarga erishish imkonini bermayotganligini ko‘rsatdi.

Shuningdek, shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon sur’ati xodimlarning kasbiy tayyorgarlik darajasidan ilgarilab ketayotganligi, kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni kechiktirib bo‘lmasligini davrning o‘zi taqozo etmoqda edi. Shuning uchun ham yuqorida qayd etilgan qarorni qabul qilish zarurati yuzaga keldi.

2023-yil 20-yanvarda qabul qilingan «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida »gi Prezident qarorining muhimligi shundaki, ushbu hujjat nafaqat shaxsiy tarkib o‘rtasida «temir intizomni» ta’minlashga qaratilganligi bilan, balki kadrlar salohiyatini oshirishga yo‘naltirilganligi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi. Chunki qarorda xizmatga nomzodlarni qabul qilish, kadrlarni tayyorlash, ularni o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish, jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish hamda xizmat o‘tash masalalarida va albatta, sohani raqamlashtirish bo‘yicha ham katta o‘zgarishlarga qo‘l urildi.