Get Mystery Box with random crypto!

​​Kimdir taqib ketsa, indamay taqib yuravermang. Georgiy tasma | Magistrlar Official

​​Kimdir taqib ketsa, indamay taqib yuravermang. Georgiy tasmasi nima o‘zi u?

Har yili 9-may arafasida Georgiy tasmasining tarqatilishini, uning tarixini bilib-bilmay, goh ko‘ksiga, goh mashinasiga taqib yuradigan yurtdoshlarimizni ko‘rib hayron qolasan kishi. Axir bu tasma ortida qanchalik qora tarix bor!

Yekaterina II davrida, rus-turk urushi paytida joriy etilgan bu tasma va shu nomdagi orden urushda jasorat ko‘rsatgan rus harbiylariga berilgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu tasma o‘zga yurt tuproqlarini toptagan, bosib olgan bosqinchilarga rag‘bat ramziga aylangan.

Uch qator qora va ikki qator to‘q sariq rangdan iborat bu tasma chor Rossiyasining Turkiston o‘lkasiga bosqinchilik yurishlari davrida bosqin uchun mukofot bo‘lgan. Bizning ota-bobolarimiz qonini to‘kkani uchun ne-ne bosqinchilar bu tasmani taqmagan deysiz.

“Qo‘qon xonligini zabt etgani uchun”, “Markaziy Osiyoga yurishi uchun”, “Xiva xonligiga yurishi uchun” kabi medallar ta’sis etilib, ularning barchasida shu mazmun aks etgani achchiq haqiqat.

Begunoh odamlarning to‘kilgan daryo-daryo qonlari, mushtipar ayollarning ohu voylari, yetim qolib bo‘zlagan bolalarning faryodlari, yonib ketgan uylar, vayron bo‘lgan binolar, zo‘ravonlik va xo‘rlikning haddi a’losiga yetishi ortida bu tasma yomg‘irdan keyin chiqqan kamalak kabi tovlanib turadi. Bu qora tarixni bilmasdan yoki ongli ravishda qatida qon jilvalanib turgan tasmani tarqatish kimgadir kerakdir, lekin uni taqish sharafsizlik emasmi? Hech bir vatanparvar inson bu tasmani o‘ziga ravo ko‘rmaydi, aksincha, undan jirkanadi.

O‘zbek degan millat o‘ziga qilingan yomonlikni kechirishi mumkin, lekin hech qachon unutmaydi. Biz ota-bobolarga munosib avlod bo‘lish uchun eng avval ularning qonini to‘kkan dushmanlarni tanib olishimiz zarur. Zotan, o‘z vataningni bosib, talab, vayron qilib, uni toptagan bosqinchiga muhabbat qo‘yish, uning faxr belgisi bo‘lmish – ramziy tasmasini taqish millatga nisbatan xiyonatdir.

Biz faxr qiladigan muqaddas bayrog‘imiz bor. Ataylab bizga tiqishtiriladigan yovuz tasma o‘rniga o‘z bayrog‘imiz tasvirlangan tasmalarni taqib yurganga nima yetsin! Ularga munosib javob shu!

Yaqinlarni ogohlantirishni unutmang!

Manba:masofatalim
@magistrlarofficial