Get Mystery Box with random crypto!

​​Yoshligimdan ITga bo‘lgan qiziqish bo‘lgan. Shu qiziqish ort | Javohir Izzatulloh | blog

​​Yoshligimdan ITga bo‘lgan qiziqish bo‘lgan. Shu qiziqish ortidan diniy taʼlim dargohida o‘qisakda, arab tili grammatikasini o‘rgatishga ko‘mak beruvchi Tahlil nomli android ilova tayyorladik. Mubashshir Ahmad Ustoz bundan xabar topib, bizni oldilariga chaqirdilar. Nima yordam kerakligi haqida so‘radilar, bu kabi zamonaviy ilmlarni yoyish kerakli, bu ishni ayni biz qilishimiz kerakligi haqida gaplashdik.

Shundan so‘ng Azon.uz ochildi, domla u yerga meni ham taklif qildilar. Men Mubashshir domladan millatini, Vatanini, dinini yaxshi ko‘rishni o‘rgandim. O‘zlari ham shundaylar va bizni ham shunga targ‘ib etardilar. Mendan baʼzida xayriya ishlar haqida, bugungi erishilgan natijalar haqida so‘rashsa albatta bu o‘rinda Mubashshir Ahmad domlani birinchilardan bo‘lib eslab o‘taman.

Maʼlumot o‘rnida aytib o‘taman, “Najot Taʼlim” shu kungacha 4 mlrd so‘mdan ziyod hech qanday shartlarsiz xayriya taʼlimini amalga oshirdi. Bugungi kunda 3000 dan ziyod yoshlar “Najot Taʼlim” sababli dasturlash, dizayn, SMM kabi yo‘nalishlarda o‘z ish o‘rniga ega bo‘lishdi.

O‘z ishini qanday yaxshi ko‘rishni, maqsad sari katta qadamlar tashlashni, millatini, vatanini dinini yaxshi ko‘rishni aynan Mubashshir Ahmad ustozdan o‘rgandim.

Bugun domlaning gaplarini atayin bilib turib teskari tomonga burishyapti. Har bir gapidan xato topishga urinishyapti. Musulmon do‘stlarim, aka-uka, opa-singillarimga eslatib o‘tishni istar edim, provakatsiyaga uchmang! Do‘st va dushmanni yaxshilab tanib oling!

Mubashshir Ahmad qanday odam deyilsa, ikkalanmasdan aytishim mumkinki, agar oldilaridan o‘tib shu postni yozmoqchiman, deganimda shaxsiyatimni himoya qilmang, chalg‘imang bu narsalarga, ishingizni qiling, degan bo‘lardilar!

Men bu postim orqali xusumatchi va tuhmatchilarning fikri o‘zgarishi haqida o‘ylaganim yo‘q. Lekin o‘qiyotgan odamlarni ogohlikka chaqirib qo‘ymoqchiman xolos. Alloh taolo to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin!