Get Mystery Box with random crypto!

​​Hayolim hayolingga integratsiya qilsam, Gardingni surib ko‘z | Iqtisod Plus

​​Hayolim hayolingga integratsiya qilsam,
Gardingni surib ko‘zga motivatsiya qilsam,
Ko‘ngling inja ko‘zgudir, nogoh darz ketmasin deb,
Jonimdan g‘ilof aylab, lominatsiya qilsam.

Na iloj, yashayapman yolg‘on, chinlaring aro,
Balandparvoz gapirmam “sarlochin”laring aro,
Balki bir bor shivirlab quloqchinlaring aro –
Qaytib hech kas qilolmas kulminatsiya qilsam.

Ovozli xabarlaring – takallumingdan sening,
Totli “mp3”laring – tarannumingdan sening,
Tabiiy lablar aro tabassumingdan sening –
Murda yanglig' hislarim aktivatsiya qilsam.

Bo‘lsam-da ming bo‘lakka, dil bog‘lanmas bo‘lakka,
Hajring tig‘lari oxir yetib bordi suyakka,
Yozg‘irsam hayron bo‘lma, kerak bo‘lsa Falakka –
Vasling bermadi deya apellyatsiya qilsam.

Mayli, sanksiya bergil jabru sitamlar uzra,
Omadim kulib jami yulduz odamlar uzra,
Yuragimda to‘shalgan alvon gilamlar uzra
Faqat sen ila tanho paparatsilar qilsam...

Muhabbat – yo‘l, men boshdan, sen-chi, so‘ngidan kelib,
Men Shomdan kelsam go‘yo sen Farangidan kelib,
Bir xush tush ko‘rsam, u tush yana o‘ngidan kelib,
Chap ko‘ksimda biz uchun Assotsiatsiya qilsam.

Husning mulkiga jami iqtisodim o‘tkazib,
Qalb hisob raqamingga hissiyotim o‘tkazib,
Bu ham yetmasa... shartta bor hayotim o‘tkazib –
Fanda yo‘q inqilobiy innovatsiya qilsam!

Rustam Mirvohid

@Iqtisodplus