Get Mystery Box with random crypto!

#Buyuklar_hayotidan_lavhalar Abdulloh ibn Mas’ud Payg‘ambar a | Elektron kutubxona

#Buyuklar_hayotidan_lavhalar

Abdulloh ibn Mas’ud Payg‘ambar alayhissalom bilan 22 yil
yonma-yon turgan sahoba edilar. Payg‘ambar alayhissalom: "Qur’onni nami ketmagan holda, ya’ni menga nozil qilingan holida o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, Abdulloh ibn Mas’uddan o‘rganing", degan edilar.

Hazrati Umar hazrati Abdulloh ibn Mas’udni Ko‘faga jo‘natar ekanlar, u zotning ortidan ko‘faliklarga yuborgan salomlarida mana bunday gap bor ekan: "Islom davlatining poytaxti Madinai Munavvaradaga musulmonlar — hammamiz Abdullohning ilmlariga tashnamiz. Lekin hozir o‘zimizni qo‘yib sizlarga yuboryapman Abdullohni. Sizlar foydalaninglar. Lekin unutmangki, Madinadagi butun sahobalar Abdullohning ilmiga muhtojdirlar".

Demak, Abdulloh ibn Mas’udning ilmi shu darajada mukammal ekan. Bu zot Ko‘fada islomiy ma’rifatni shu qadar yoydilarki, natijada hazrati Umardan keyin xalifalik qilgan zot — hazrati Usmondan so‘ng xalifa bo‘lgan hazrati Ali Ko‘fani Islom davlatining poytaxtiga aylantirdilar. Hazrati Ali xalifa sifatida Ko‘faga kirib kelgan davrda bu yerda 4 ming nafardan ziyod juda yetuk bilimli ulamo bor edi. Bularning barchasi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan ta’lim olgan edilar. Bu holatni ko‘rgan hazrati Ali: "Abdullohning mukofotini Ollohning o‘zi bersin. Ko‘fani ilmga to‘ldirib qo‘yibdi-ku!" deb marhamat qilganlar.

Endi hazrati Alining o‘zlariga kelsak. Bu kishining ilm darajalari haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, "Ilm shahri bo‘lsa u — menman, bu shaharning darvozasi Alidir", degan edilar.

Ko‘fa shahridagi bu go‘zal iqlim Imomi A’zam tug‘ilgan davrga to‘g‘ri kelgan edi. Bu davrda Ko‘fada 1500 sahoba yashagan edi. Bu sahobalarning ilmlaridan bahra olgan imomimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh shunday ilmda tengsiz bir maqomda hammaga ustoz bo‘lib, nafaqat oddiy musulmonlarga, balki din peshvolari bo‘lgan mujtahid ulamolarga ham ustozlik darajasiga chiqqan ekanlar. Ulamolardan biri hazrati Imomi A’zam rahmatullohi alayhni eng kamida 83 mingta masala aytganlar, deydilar. Bu - to Qiyomat so‘ralishi mumkin va lozim bo‘lgan hamma masalalarga Imomi A’zam javob aytganlar, deganidir. To‘rt mazhab ichida Imomi A’zamning mazhabi eng ulug‘ deb tan olinishi o‘sha masalalarning puxtaligi va Qur’onu hadisga muvofiqligidandir. 83 ming masalani aytishga bir odamning umri kifoya qilishi o‘ta mushkuldir, lekin Olloh Imomimizga ana shunday ne’matni in’om etgan ekan.

- Alouddin Mansur. "Imomi A'zam - buyuk imomimiz"

@e_kutubxona