Get Mystery Box with random crypto!

Dugonam qizini turmushga uzatdi. Qiz kuyovning tanlovi edi. K | Doctors of Philosophy (PhD)

Dugonam qizini turmushga uzatdi.
Qiz kuyovning tanlovi edi. Kelin ham o‘z navbatida kuyovni yoqtiribdi.
Men har ikki tomonni ham bilaman. Bilishim shuki, biri dugonam, kamchiliklari ham ko‘zimga ko‘rinmaydigan darajada bo‘lib ketganman, ikkinchisi bilan ishxonada birga ishlayman. Salom-aligimiz joyida.
Har ikki tamon ham mendan so‘rab surishtirishdi.
- Yaqin dugonamsan, ochig‘ini ayt, kuyov, oilasi qanday? – dedi kelinni onasi.
- Birga ishlaymiz, ochig‘ini aytavering, yana kuyib qolmayin, kelin, ota-onasi qanday?- dedi kuyovni onasi.
Har ikki tarafga ham javobim birdek bo‘ldi.
- Beayb parvardigor, kimda kamchilik yo‘q. Ularni menga yaxshiligi teksa-tekkanki, yomonligi tegmagan. Oilasini ichidagini bilmayman.
Taqdiri birga ekan, to‘y bo‘lib ketdi. Oradan hali bir yil o‘tmay, kelin arazlab kelib qolibdi.
Arzimagan sabab, kuyov nimadir olib kelibdi, bu kelinga yoqmabdi. Xullas, orada gap qochibdi. Achchiqlangan kuyov bir shapaloq urib yuboribdi.
Meni aybim, har ikki tarafni yaxshi tanishim. Ishxonadagi sherigim “Kelinni o‘zi ketgan, o‘zi kelsin." deydi. Dugonam “Papalab boqqan qizim, nega uradi, kuyov kelib kechirim so‘rasin” deydi.
Ularni “aybim” sababli o‘zim yarashtirib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Kelinni olib kuyovnikiga bordim.
Borishimizni avvaldan aytib qo‘ygandim. Kuyovning opoqisini olib kelishibdi. 83 yoshda ekanlar. Opoqini saqollari o‘ziga yarashgan, yuzlari nurli, gavdalari ozg‘in, biroz qaddilari bukulgan. Haqiqiy o‘zbek otaxoni.
Otaxon hech kimni ortiqcha gapirtirmadi.
- Qizim, nega ketib qoldingiz?
- Mani urdilar – dedi kelin yer chizib.
- Nega kelinni urasan? – dedilar kuyov tamonga yuzlanib.
- O‘zim ham bilmay qoldim. Atay unga deb narsa olib kelsam, “Didingiz yo‘qda” deganidan keyin jahlim chiqib ketdi...
Otaxon “Bo‘ldi, gapirma” degandek hiyol qo‘lini ko‘tardi.
- Turmush qurib bo‘ldinglar, bu yog‘iga boshqa tanlovinglar yo‘q.
Kelin, hech qachon eringizni “Didingiz yo‘q” deb tanlovi ustidan kulmang, chunki siz ham uning tanlovisiz. O‘sha didi bilan sizni tanlagan.
Nazarimda otaxonni bu gapi kelinga shapoloq urgandanda kuchliroq ta’sir qildi.
Keyin yigitga yuzlandi.
- O‘g‘lim san erkaksan, sani o‘g‘il bola deb yurtga osh berganmiz, har qanday vaziyatda ham, hech qachon ayol kishiga qo‘l ko‘tarma. Qo‘rqoq erkakkina xotiniga qo‘l ko‘taradi.
Otaxon bu gapi bilan yaxshigina kuyovga “shapaloq” tushirdi.
- Keyingi paytda mandan kam xabar olyapsan, jahling chiqqanda uydan chiqib ketda, uzoq emas, bir mahalla nariman, mendan xabar olib tur.
Otaxon qattiq gapirsalarda, shu qadar ta’sirli, sokin gapirdiki, nazarimda hamma nafas olmay tingladi. Va o‘sha qattiq gaplarini salgina kulimsirab, biroz hazil aralash tugatdiki, hech kimda e’tiroz qolmadi.
Ochig‘i otaxonga judayam xavasim keldi.
O‘sha xonadonga kirayotganimda ming xadik, yurashimda allaqanday qo‘rquv bilan kirgan bo‘lsam, u yerdan chiqar ekanman, xuddi o‘zim ularni yarashtirib, bir ishni do‘ndirib qo‘ygandek kayfiyatim ko‘tarinki qaytdim.

Malika A’zamjonovna

@Donishmandlik_uyi