Get Mystery Box with random crypto!

Toshkent shahrida avtomobillar uchun harakatlanish tezligining | Dilnur A'zamov

Toshkent shahrida avtomobillar uchun harakatlanish tezligining cheklanishi, kunda yoki kunora sodir bo‘layotgan avariyalar juda keng muhokama qilinmoqda. Shu to‘g‘risida tarmoqlardagi yozishmalarni kuzata turib quyidagi Finlyandiya tajribasiga duch kelib qoldim.

Finlyandiya aholisi 5,5 mln atrofida bo‘lib, 2021-yilda mamlakatda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 219 kishi halok bo‘lgan. Bu har 100 ming kishiga 4 qurbon degani. 2001-2019 yillarda birorta ham piyoda yoki velosipedchi halok bo‘lmagan, 2021 yilda esa 2 nafar piyoda halok bo‘lgan. Jiddiy jarohatlar soni ham keskin kamaygan. (Solishtirish uchun 35 mlnli O‘zbekistonda 2021-yilda avariyalarda 2 ming 426 kishi halok bo‘lgan, 9 ming 230 kishi esa turli darajada tan jarohati olgan). Bloomberg nashri Finlyandiyaning yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi yutuqlarini quyidagi sabablar bilan izohlaydi.

Tezlikni cheklash

O‘tgan asrning 70-yillarida Finlyandiyada shaharlarda eng yuqori tezlik 50 km/s bo‘lgan, 2000-yillarga kelib bu 40 km/s.tushirilgan. Hozirda mamlakatdagi shaharlar ko‘chalarining yarmidan ko‘pida 30 km/s tezlik o‘rnatilgan. Bundan tashqari, shahar yo‘llari imkon qadar haydovchilar o‘zini noqulay his qilishi, ya’ni tez haydamasligi uchun mo‘ljallab qurilgan/loyihalangan. Masalan, yo‘llarda bitta polosa kengligi 3,5 metr, hatto 3,2 metrni tashkil qiladi, Amerikada bu 3,7 metr. Yo‘llar bo‘ylab ekilgan daraxt va butalar ham shofyorlar sekinroq haydashi uchun moslashtirilgan. Shahar markazlariga mashina kirishini taqiqlashdan ko‘ra (Oslo, Amsterdamdan farqli o‘laroq) tezlikni pasaytirish yo‘lidan yurilmoqda.

Tez haydagan ko‘proq to‘lasin

Tezlikni pasaytirish hamda ko‘chalarni xavfsiz qilib loyihalash, albatta, tez yuradiganlar sonini kamaytiradi. Lekin butunlay yo‘q qilmaydi. Buning uchun jazo ham qattiqroq bo‘lishi, jarima ko‘proq to‘lanishi lozim. Xelsinkida 35 ta avtomatik kamera o‘rnatilgan bo‘lib, belgilangan tezlikdan 20 km tez haydaganlar 200 yevro atrofida jarima oladi. Shahardagi kameralar bir vaqtning o‘zida ishlamaydi, lekin haydovchilar qaysi kamera qachon ishlashini bilmaydi. Ayniqsa, maktablar atrofida kameralar o‘rnatilishiga harakat qilishadi. Umuman, Finlyandiya tezlik uchun jarima o‘ziga xos. Agar haydovchi belgilangan tezlikdan 20 km tez haydasa, jarima qoidabuzarning daromadiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, 2002-yilda Nokianing menejerlaridan biri 50 km.lik hududda 75 km/s tezlikda harakatlangani uchun 116 ming yevro jarima to‘lgan. Ikki haftalik daromadi.

Har bir avariya chuqur o‘rganiladi

Finlyandiya avariyalarning sabablarini o‘rganishga katta investisiya kiritib keladi. Shunchaki avariyada kim yoki nima aybdorligi emas, butun sabab va omillar atroflicha o‘rganiladi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa o‘z navbatida harakat xavfsizligi siyosatini, yo‘llarni hamda svetoforning ishlash prinsiplarini o‘zgartirishga turtki bo‘ladi. (Bizda mahallaga borib majlis qilishadi).

Kuchli va samarali jamoat transporti

Mamlakatda qishli-qirovli kunlar uzoq davom etadi, shunday bo‘lsa-da, aholining velosipedlardan foydalanishi kamaymaydi, juda noqulay holatlarda ham odamlar veliklardan tushmaydi, qolaversa, yaxshi tranzit va integratsiyalashgan transport tizimi tufayli odamlar jamoat transportidan ham uzviy foydalanishadi.