Get Mystery Box with random crypto!

​#Adliya_loyiha Davlat boshqaruv organlarida korrupsion sxe | Davlat xizmatlari yangiliklari

​#Adliya_loyiha

Davlat boshqaruv organlarida korrupsion sxemalarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Muhokamada faol bo‘ling.

Adliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentiligi bilan hamkorlikda davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga oid Prezident qarori loyihasini tayyorladi.

Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

2022-yil 1-sentabrdan boshlab davlat tashkilotlarida "E-Antikorrupsiya" loyihasini to‘liq ishga tushirish. Ushbu loyiha korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash, "Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri"ni shakllantirish va yuritish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha samarali choralarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Davlat tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlari Agentlik va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyotiga muvofiq amalga oshirilishi.

Davlat tashkilotlari tomonidan o‘ziga yuklangan funksiyalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlarning elektron reestrini ochiq e'lon qilib borish.

Ijtimoiy so‘rovlar va mustaqil ekspertlar ishtirokida muhokamalarni o‘tkazish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni “past”, “o‘rta” va “yuqori” o‘lchovlarida “E-Anticor.uz” elektron platformasida baholab borish.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarini tuzish amaliyoti yo‘lga qo‘yish.

Kadrlar bilan ishlash sohasida inson omilini minimallashtirish maqsadida kadrlar bilan ishlash bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni davlat boshqaruvi organlarida joriy etish.

Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash ishlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi,

Korrupsiyaga qarshi kurashish, shu jumladan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash sohasida ilmiy va amaliy ishlanmalarni tarqatish, bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual platformasi” loyihasini ishga tushirish.

Baholash ishlarini nazorat qilish, shu jumladan axborotlarni eshitish va javobgarlik choralarini ko‘rish vazifasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga yuklatilmoqda.

Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlarni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.

Loyihani ishlab chiqishda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menedjment tizimlari” xalqaro standarti va mazkur sohada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan xorijiy davlatlarning (Bolgariya, Moldova va Litva) amaliyoti o‘rganilgan.

Ushbu loyihaning qabul qilinishi davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashga va ularni bartaraf etishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Muhokamada faol bo‘ling https://regulation.gov.uz/oz/d/60468

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

@adliyangiliklari