Get Mystery Box with random crypto!

#Karakalpakstan Qoraqalpog’iston: fakt, fikr va kelajak haqid | Davronbek Dunyo | Rasmiy kanali

#Karakalpakstan

Qoraqalpog’iston: fakt, fikr va kelajak haqidagi taxminlar

Qoraqalpog’istonda yuz bergan voqealar ko’pchilik qatori meni ham tashvishga soldi. Quyida ba’zi ma’lumotlar va fikrlarimni bildirmoqchiman.

Fakt

Rasman Qoraqalpog’iston respublikasi deb ataladigan bu hudud O’zbekiston tarkibidagi suveren respublika hisoblanadi. Respublikaning jami maydoni butun O’zbekiston hududining qariyb 40 foiziga teng (166 600 kv. km.), lekin aholi soni O’zbekiston aholisining bor-yo’g’i 5-6 foizini tashkil qiladi (2 millionga yaqin).

Fikr

Avvalo, Qoraqalpog’istonning O’zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan maqomini o’zgartirish haqidagi takliflar mutlaqo keraksiz edi. Tashabbuskorlar O’zbekiston uchun yo’q joydan muammo paydo qildi.

Bu takliflar amalga oshirilmaydigan bo’ldi; ammo arining uyasiga tiqilgan cho’p quyidagi ikkita katta muammoni paydo qildi.

Birinchidan, Qoraqalpog’iston va O’zbekiston aholisi hududning mustaqil bo’lishi mumkinligini tushunib yetdi va ichkaridagi hamda tashqaridagi ba’zi manfaatdor toifalar endi bu masalani kelajakda tez-tez eslatib turadi.

Ikkinchidan, yuz bergan voqealar qardosh o’zbek va qoraqalpoq xalqlari orasiga jiddiy raxna soldi. Tartibsizliklar bostirilgan taqdirda ham, hayot avvalgi holatga to’liq qaytsa ham, darz ketgan ishonchni tiklash oson bo’lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham o’zbeklar, ham qoraqalpoqlar tomonidan millatchilikka asoslangan fikrlar yangrayotganini ko’ryapmiz. Go’yoki Qoraqalpog’istondagi namoyishchilar huquqini himoya qilayotgan ba’zi onlayn guruhlar va kanallar O’zbekiston hukumatini emas, ochiqdan ochiq o’zbek millatini haqorat qilishga o’tib ketdi.

Albatta, bu gaplar qoraqalpoq xalqi aksariyatning fikrini ifodalamaydi. Ammo yuz bergan zo’ravonliklar haqidagi ma’lumotlarning urchishi o’zbeklarda ham, qoraqalpoqlarda ham bir-biriga nisbatan nafratni kuchaytiradi. Bundan manfaatdor tomonlar bor va ularning maqsadi ham aslida shu. Ya’ni, ikki qardosh xalq bir-biridan nafratlanishni boshlagan taqdirdagina qoraqalpoqlar mustaqillik uchun haqiqiy kurashni boshlashi mumkin. Voqealarning eng katta zarari mana shunda.

Qoraqalpog’iston kelajakda mustaqil bo’lishi muminmi?

Menimcha, yo’q. Agar hukumat qoraqalpoqlarga qarshi diskriminatsion siyosat yuritmasa, hududni ajratmasdan, uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha to’g’ri siyosat olib borsa, Qoraqalpog’iston eli O’zbekistondan ajralib chiqishni istamaydi. Nima uchun?

Avvalo,
Qoraqalpog’iston demografik va geografik jihatdan mustaqil davlat sifatida rivojlana oladigan hudud emas.

Ikki millionga yaqin aholining bor-yo’g’i 400 mingini qoraqalpoqlar tashkil qiladi. Yana kamida shuncha o’zbek bor. Qolganlar qozoqlar va boshqa millat vakillaridan iborat.

Hudud iqtisodiy jihatdan Toshkentga qaram. Agar Qozog’iston yordam bermasa, O’zbekistonsiz ular rivojlana olmaydi. Demak, Qoraqalpog’iston masalasida Qozog’iston bilan umumiy va nizolardan xoli pozitsiyaga ega bo’lish muhim.

Hudud ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yaxshi rivojlansa, kelajakda bu yerdagi o’zbeklar nisbati qoraqalpoqlardan oshib ketishi aniq. Shunda haqiqiy demokratik referendum o’tkazilgan taqdirda ham, aholining aksariyati O’zbekiston tarkibida qolish uchun ovoz beradi. Demak, hukumat o’z siyosatini hududni iqtisodiy va demografik jihatdan qo’llab-quvvatlashga qaratishi zarur.

Endi nima qilish kerak?

Bo’lar ish bo’ldi. Zarar yetkazildi. Endi bu zararning oqibatlarini minimallashtirish ustida ishlash kerak. Hukumat xatosini tan olishi va o’zbek-qoraqalpoq qardosh xalqari orasidagi ishonchni qayta mustahkamlashga harakat qilishi lozim. Har ikki tomondagi millatchilar birdek jazolanishi va ularning ovozi o'chirilishi kerak. Qoraqalpoqlar o’zini aynan qoraqalpoq bo’lgani uchun jazolanayotgandek his qilmasin.

Dunyoda mustaqillik uchun kurashayotgan hududlar ko’p. Aksariyati markaziy hukumat olib borgan diskriminatsion siyosat natijasida yuz bergan. Kuch bilan hududni nazorat ostida ushlab turish mumkin, lekin bunday boshqaruv qachondir baribir barbod bo’ladi.

Manba: bmamadiev

@davronbek_dunyo