Get Mystery Box with random crypto!

​​Xushnudning postini oʻqib bir manzara yodimga tushdi. Jamiya | !

​​Xushnudning postini oʻqib bir manzara yodimga tushdi. Jamiyatdan uzilgan, uyga, uyda esa ichimga qamalgan paytlarim edi. Faqat namozshomlarda hech qayerga sigʻmay qolardim. Mashinani minib tumanning odam gavjum joylariga borib, soatlab oʻtirardim.

Yakshanba kuni edi. Toshkentda oʻqiydiganlar bilmaydi, oʻz viloyatida oʻqiydiganlar, xususan tumani yaqin boʻlganlar uchun shanba namozshom uyga kelish, yakshanba namozshom oʻqishga qaytish vaqti. Ayni shu mahallarda tuman markazi talabalar shaharchasiga oʻxshab qoladi.

Xayriddin Sultonning bir asarida, farang-rum fakultetidagi talabalar goʻyo Farangistondan chiqib kelganday, degan taʼrif bor. Ya'ni zoʻr kiyinishadi. Mana shu olifta kiyimlar orasida kamida shularday bejirim kiyingan qiz, uning daladagi qoʻriqchiday kiyingan otasi, velosipet, unga osilgan qizning sumkasi, katta it paydo boʻldi. Baʼzi qizlar boʻladi-ku, kiyim unga, u kiyimga yarashadigan. Shunaqa qiz edi. Qish, sovuq edi. Otasi shaharga ketadigan mashinalar oldigacha qizini velosipetda olib keldi. Haydovchilar bilan gaplasha boshladi. Qoʻchqorday keladigan it qiz atrofida oʻynoqlar, qizning qoʻllarini yalar, suykalardi. Farangistondan chiqib kelganday talabalar bularga qiziqsinib qarardi. Qizning yuzidan esa kulgu, koʻzlaridan otasiga mehr yogʻilib turardi. Bu hayotimda koʻrgan eng goʻzal manzaralardan biri.

Xalqi hukumatidan, hukumati xalqidan badtar, borgan sari inqirozga yuz tutayotgan bu jamiyatda, korrupsiyaga, adolatsizlikka, absurdga botib borayotgan, kelajagi jiddiy xavf ostida boʻlgan, bugungi kuni kechasidan rasvo vatanda meni mana shunday manzaralar hamon tutib turibdi. Allaqachon boshqa davlatga keta olardim, hamon keta olaman, lekin menga faqat yaxshi hayot emas, koʻnglimga yaqin hayot kerak. Hatto shu Toshkentda ham uzoq qolishimga koʻzim yetmaydi. Ibn Xaldun aytganiday, shahar insonlarni maydalashtiradi, tubanlashtiradi. Markazdan olislagan sari hayot ogʻirlashadi, biroq sekinlashadi. Xotirjam yashaydi kishi. Hech qayerga shoshmaydi. Qishloqda itlar, shaharda odamlar toʻrt oyoqlab yuguradi. Gaz yoʻqligi bois sovuqda oʻtin qilgan kunlarim, tok yoʻqligida batareykali radio eshitib yotgan tunlarim hozir Toshkentning issiq uyida, plazma tvda jahon chempionatini koʻrib yotganimdan koʻra yoqimliroq.

Toʻgʻri, u yoqlar ham jannat emas, odamlarning oʻziga yarasha kemtiklari bor. Biroq bu muammolar shahardagidan koʻra inson fitratiga yaqinroq. Maydalashishdan qoʻrqaman. Har qanday davlat idorasidan, ishidan uzoq yuraman. Shu kanal ham bukblog emas, koʻngil tavsifi oʻlaroq ochilgan. Hatto shu oddiy kanaldagi yoziqlar tufayli ham kimlardir qarshi fikr bildiradi, xafa boʻladi, xeyterlik qiladi, ularga eʼtibor bera boshlaganimni, javob berayotganimni yoki bermoqchi boʻlganimni sezib qolsam darhol toʻxtayman. Har qanday bahsdan, aytishuvdan oʻzimni olib qochaman. "Oʻtov" filmidagi ziyoli choʻpon, "Kechikkan hayot"dagi oliy maʼlumotli qassobda kelajagimni koʻraman.

Atrofdagi hamma intilayotgan, biz muvaffaqiyat deb hisoblaydigan narsalar aslida bari absurd, koʻpi isteʼmolchilik jamiyati nayrangi, qolgani bir vaqtlar aylantirib yuborilgan charxpalakning gʻildirashi, xolos. Men esa oʻylab topilgan hayot tarzlari orasida eng soddarogʻini maʼqul koʻraman. Bir kuni birdaniga izsiz yoʻqolib qolsam hayron qolmang.

@salimov_blogi