Get Mystery Box with random crypto!

AQSh Senatida yana bir tarixiy qonun qabul qilindi. Inflyatsiy | Vashington kundaligi

AQSh Senatida yana bir tarixiy qonun qabul qilindi. Inflyatsiyani qisqartirish qonuni deb atalayotgan bu dastur asosida iqlim o'zgarishiga qarshi kurash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun 370 milliard dollar ajratiladi.

Qonun loyihasining ilk nomi "Yaxshilab qayta qur" (Build Back Better) deb atalgan va unda infratuzilmani rivojlantirish uchun 2,2 trillion dollar sarflash ko'zlangan edi.

Ba'zi demokratlarning e'tirozlari tufayli, qonunga ko'plab o'zgartirishlar kiritildi va nihoyat hozirgi ko'rinishga qabul qilindi.

Qonun ijrosi uchun kerakli mablag' qo'shimcha soliqlar hisobiga qoplanadi. Korporatsiyalar uchun minimum 15 foizlik soliq joriy qilinmoqda. Shuningdek, kompaniyalar o'z aksiyalarini qayta sotib oladigan bo'lsa, sarflangan summaning bir foizi miqdorida soliq to'laydi. Bundan tashqari, soliqdan qochuvchilarga qarshi kurashni kuchaytirish orqali kelasi 10 yilda 124 milliard dollar yig'ilishi kutilyapti.

Shuningdek, qonun ijrosi natijasida 10 yil ichida soliqdan jami 739 miliard dollar tushum bo'lib, milliy defitsit 102 milliard dollarga kamayishi bashorat qilinmoqda.

Qonun 2030-yilgacha AQShda issiqxona gazlari miqdorini 40 foizgacha kamaytirishi kutilyapti.

Ajratilgayotgan mablag' qanday sarflanadi?

- Quyosh va shamol energiyasi anjomlarini ishlab chiqarishga 60 milliard;
- Iqlim o'zgarishidan aziyat chekkan hududlarni rivojlantirishga 60 milliard;
- Toza energiya tadqiqotlari uchun 27 milliard;
- Qishloq xo'jaligida issiqxona gazlarini kamaytirish uchun 20 milliard;
- O'rmonlarni saqlab qolishga 5 milliard;
- G'arbiy shtatlarda qurg'oqchilikka qarshi kurash uchun 27 milliard dollar sarflanadi.

Shuningdek, yangi elektromobil sotib olganlarga 7500 dollar, ishlatilgan elektromobil olganlarga esa $4000 dollar pul beriladi.

Qonun shu hafta Vakillar palatasida ham tasdiqlanishi va prezident qo'l qo'ygach, ijroga kirishi kutilyapti.

Qizig'i, Senatda qonunni yoqlab bir dona ham respublikachi ovoz bermagan. Demokratlar uni bir dona ovoz ustunligi bilan zo'rg'a o'tkazib oldi: 51 ga 50.

O'tgan hafta AQShda chip ishlab chiqarishni kuchaytirish va ilmiy tadqiqotlarni rag'batlantirish maqsadida 280 milliard dollar ajratishni ko'zda tutuvchi yana bir yirik qonun qabul qilingan edi.

@bmamadiev