Get Mystery Box with random crypto!

Shu kunlarda mutolaa qilayotgan kitobimda bir sahna e‘tiborimn | Ашиқул Фирдавс

Shu kunlarda mutolaa qilayotgan kitobimda bir sahna e‘tiborimni tortgandi; Politsiya ofitseri kattalardan mo‘maygina "yeb qo‘ygani" uchun, o‘zi nohaq bo‘lgan holda, aybsiz yigitning yuzini bir musht bilan urib buzib tashlaydi, 5ta tishini to‘kadi. Yigitning qarshilik qilishga imkoni bo‘la turib ham tishini-tishiga qo‘yib, yuz ifodasini o‘zgartirmay, nafratini ham sezdirmay, jim qoladi. O‘sha zarbda ham uning miyasi charxdek ishlab, keyingi qadamda kattaroq qasos olish uchun ham hozirgi nafratni bildirmaslik kerak, deya hech nima bo‘lmagandek o‘zini yaxshi tutadi. Kunlar o‘tib esa tishlari va dadasining xunini qo‘shib, qasosini dahshatli oladi.

Sabrni hamma har xil talqin qiladi, kimdir zulmga chidash deydi, kimdir qazoga rozilik...

Kecha qayerdadir qulog‘imga chalindi yoki o‘qib qoldim: "Sabr musibat yetgan paytning o‘sha lahzasida dod-voy solmay, hissiyotni jilovlay olishdir. Undan uyog‘idagi qarorlarni qanday chiqarish sabrga emas, balki aqlga bog‘liq ish. Ana o‘sha boshida o‘zimizni yaxshi tuta olsak, biz sabr maqomiga yetishgan bo‘lamiz".

Buni o‘qa turib xayolimga kitobdagi sahna urildi; yigit ham vaqtida o‘zini ushlay olmaganda, hissiyotiga erk berib qarshi javob qaytarganda, yetarlicha jazoni ham o‘tardi, qasos olish rejasi ham chippakka chiqardi.

Biz esa vaziyatlarga asta-sekin ko‘nikishni "sabr" deya nomlab olganmiz. Boshimizga zulm kelsa, sabr niqobi ortiga yashirinamiz.

Men esa bugun bularni tahlil qilgancha, sabrni o‘zimga yangicha talqin qildim
.

@AshiqulFirdavs