Get Mystery Box with random crypto!

Mukammal tuyg’u. Oramizda Onasini sevmaydiganlar bormi? Yoki | 𝓐𝓝𝓢𝓐𝓡

Mukammal tuyg’u.

Oramizda Onasini sevmaydiganlar bormi? Yoki Onasiga jonini ham berib yubora olmaydiganlarchi? Albatta yo’q… Chunki Ona, biz uchun dunyo hayotida hammadan ham ko’proq jon kuydiradigan, qayg’uradigan, biz uchun har bir aziyatga sabr qiladigan va har bir yomonliklarimizga ko’z yumadigan yagona insondir. Birgina Onaning bergan mehrini, o’n Ota bera olmaydi...

Qarang...
Ularning bizga bo’lgan mana shu mehri, vafosi va aslo tugamaydigan muhabbati sababli biz ham ularga mehr-muhabbat bilan bog’langanmiz. Hattoki ular bizga mehr bermasa ham, qanchalik tergab, qattiq gapirsa ham baribir ularga bo’lgan mehrimiz kamaymaydi. Oradagi mana shu bog’ mo’jiza emasmi?

Masalan men, Onamga bo’lgan mehrimni ularga ko’rsata olmasam ham aslida ularga jonimni berishga ham tayyorman. Onamning menga bo’lgan mehr va muhabbatlarini sezaman. Har bir qilmishimga qaramay, bolam deb bag’rilariga bosgan vaqtlarida aytaman;

“Agar Onamning o’rnida bir boshqasi bo’lsa, bu qilmishlarim tufayli menga hattoki yaqinlashmasdi ham. Men nima qilsam ham, qanday inson bo’lsam ham yolg’izgina Onamning nazarida bir qadrga ega bo’la olaman. Onamdan o’zgasi menga toqat ko’rsata olmaydi…”

Va ba’zan o’ylab qolaman Onamdagi mana shu mehrning poydevorini. Bu poydevorning asoschisi kim? Tasavvur qiling, bir ishning ustasi ishini shogirdiga o’rgatsa, o’zining qo’lidagi barcha mahoratni shogirdiga bergan bo’ladimi? Ya’ni uning shogirdi, bu ishni huddi ustasi kabi mukammal qila oladimi? Albatta yo’q...

Shunday ekan, mana shu ohiri bo’lmagan muhabbatning Ustasi ya’ni mana shu mukammal san’atning San’atkori kim? Va shu San’atkor, mening Onamga shu san’atni bergan bo’lsa, o’zidagi san’at qandaydir? Shu San’atkor, menga bo’lgan san’atini ya’ni mehrini Onam orqali menga yetkazayotgan bo’lishi mumkinmi?

Meni eng og’ir aziyatlarga qaramay, ularga sabr qilib dunyoga keltirgan Onam, kasal bo’lib qolsam tunlari ko’zlarini yummay yonimda o’tiradigan Onam, o’zining qorni och bo’lsa ham, avval menikini to’ydiradigan Onam, qarshimdagi har bir zarba va har bir yomonliklarga qarshi qalqon bo’lib bergan ham Onam. Shularni tafakkur qilganimni o’zida ham ko’zlarimga yosh keladi. Qanday go’zal bir tuyg’u bu?

Qiziq, menga mehribon bo’lgan Onamga jonimni berishga ham tayyorman lekin, menga Onamdan ham ko’proq mehribon bo’lgan, Onamning Ustasi Robbim uchun nega hali ham hattoki oyoqqa tura olmayman? Onam meni, bolam deb chaqirsa yugurib bormaymanmi? Shunday ekan, nega Robbim chaqirgan vaqtida hattoki parvo qilmayman? Onamni ranjitishdan qo’rqaman-ku, nega Robbimni ranjitishdan qo’rqmayman? Onamning oyoqlarini o’psam arziydi, Robbim sajdaga arzimaydimi?

Onamning mendagi haqqini ado qila olmayman deyman, Robbimning haqqichi? Aslida Onamga mana shu mukammal tuyg’ularni bergan Robbim emasmi? Onam meni dunyoga keltirmasidan avval har bir zarramni intizom va buyuk mehr bilan yaratgan Robbim emasmi? Onam meni dunyoga keltirdi holos. Robbim men uchun bir dunyo yaratmadimi? Yetmadi, Jannatni ham va’da qilmadimi? Onamni rozi qilishga intilgan qalbim, nega Robbimning rizosidan qochmoqda?

Holbuki bu rizo yo’li juda oson emasmi? Holbuki Robbim mening eng mehribonim emasmi? Menga Onamni, bir himoyachi farishta qilib bergan, jonimni olmay, hattoki Onam behabar bo’lgan qilmishlarimdan habardor bo’la turib menga yashash imkoni berib kelayotgan, Olamlarning Sultoni bo’la turib, menday bir ojizni sevgan Robbim emasmi?

Aytingchi, men qanday qilib ado qilaman Robbimning haqqini?

t.me/ansarmuhajir