Get Mystery Box with random crypto!

​​Yaqinda jamoamizga Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shah | Alisher Sadullaev

​​Yaqinda jamoamizga Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shahridan IELTS'dan 8,5 ball olgan 16 yoshli Zulfiya Ktaybekova ismli singlimiz imtihon xarajati kompensatsiyasini olish uchun ariza topshirgani haqida ma'lumot kelib tushdi.

Ochig'i ko'rib xayron qoldim. 16 yoshli maktab o'quvchisi uchun bu juda katta natija. Kecha Qoraqalpog'iston Respublikasida xizmat safaridaligimizdan foydalanib, Zulfiya singlimizga kompensatsiya uchun sertifikatini shaxsan topshirib, unga va mana shu natijaga erishishidagi asosiy sababchi insonlar — ota-onasiga minnatdorchiligimizni bildirdik.

Zulfiya Ktaybekova Prezident maktabida tahsil oladi. Uning dadasi Laziz aka Qoraqalpoq davlat universitetining fizika fakultetida dotsent bo'lib ishlaydi, onasi esa Nukus shahridagi 24-maktabda ishlaydi. Zulfiyaning akasi «Yangi O'zbekiston» universitetida tahsil oladi. Ko'rinib turibdiki, ziyolilar oilasi va unga munosib farzandlar.

Yaqinda Prezident maktabi o'quvchisi Maqsadbek Fayzullayev 17 yoshida TOP-300 talikka kiradigan 11 ta xorijiy universitetga o'qish qabul qilinib, umumiy hisobda 312 ming dollar grant yutgani haqida yozgandim. Prezident maktablari tizimiga ham yoshlarimizning mana shunday natijalari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Nazarimda, iqtidorlar bilan tizimli ishlash mexanizmi shakllanmoqda.

Zulfiya singlimizning bu yutug'i birinchi o'rinda oilada ota-onaning farzandlariga bo'lgan e'tibori, oilaning farzandlarga bo'lgan ishonchi qanchalik kuchli ekanini ko'rsatadi. Bu qizimiz kelajakda dunyoning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida biologiya yo'nalishi bo'yicha tahsil olmoqchi. Zulfiyaning ilm olish yo'lidagi harakatlariga kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Eslatib o’taman, 2021-yil xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natijaga erishgan yoshlarning imtihon xarajatlarini qoplab berish tizimini yo'lga qo'yganmiz. 20-yanvar holatiga ko'ra, ushbu tizim orqali 3 246 nafar yoshlarning xarajati qoplab berildi. Bu qariyb 6 000 000 000 so'mni tashkil etmoqda.

@alisher_sadullaev