Get Mystery Box with random crypto!

Menejer bo'lish borasida oʻylay boshlagan ekansiz avval quyida | Abdulloh Shamsutdinov

Menejer bo'lish borasida oʻylay boshlagan ekansiz avval quyidagi 6 narsani bilishingiz lozim.

1. Aslida, zoʻr yashash uchun menejer boʻlishingiz shart emas. Jamoani boshqarishni aksar odamlar boy boʻlish va obro' qozonishning yagona yoʻli deb ishonishadi. Ammo, individual hissador — bir sohaning mutaxassisi boʻlish orqali ham yuqori daromad, katta taʼsir va baxtli hayot kechirishingiz mumkin. Masalan, hozirda xalqaro kompaniyalarda ishlaydigan oʻzbek Senior dasturchilar haftasiga 35-40 soat, 5 kun ishlab oyiga $4 000-10 00 dollar daromad qilishmoqda, koʻp yoshlar ular bilan suhbatlashishni istashadi, ijtimoiy tarmoqlarda obroʻlari yuqori, boʻsh vaqtlarini hayotdan rohatlanish bilan oʻtkazishmoqda. Agar odamlarni boshqarishdan rohatlanuvchi bir shaxs boʻlsangiz, unda menejer boʻlishga intilishingizda hech qanday muammo yoʻq. Lekin, aynan pul, obro', taʼsir va baxt izlab boshqaruvchi boʻlish xato boʻlishi mumkin. Chunki, hamma ham menejerlikdan rohatlanolmaydi, yukini ko'tarolmaydi, balki, stresi ko’paygani, boshqalarga yomon ko’rinib qolgani qoladi, xolos. Ayni shu sabablar tufayli eski vazifalariga qaytgan bir necha insonlarni shaxsan taniyman.

2. Yodda saqlang, menejer boʻlishingiz bilan sizni menejer boʻlishingizga sabab boʻlgan eng asos ishlarni toʻxtatasiz. Endi siz oʻzingiz zoʻr uddalaydigan vazifani bajarish bilan vaqt oʻtkazmaysiz, balki, boshqa insonlarni samarali ishlashlarini taʼminlash ustida ishlashni, ularga yordam berishni boshlaysiz. Sizni asos vazifangiz kommunikatsiya — odamlar bilan suhbatlashish, rekruting — jamoaga munosib xodim qidirish, ishga olish, boʻshatish, resurslarni toʻgʻri taqsimlash, bajarilgan ishlarni kuzatish, birga-bir suhbatlarni olib borish, qiyin suhbatlarni oʻtkazish, jamoaviy majlislar, treyninglar tashkil qilish bo'ladi.

3. Menejer bo’lish sizdan intizom talab qiladi. Boshqarish san’ati tug’ma emas, uni o’rganiladi, ha, to’g’ri o’qidingiz, hamma zo’r menejer bo’loladi, faqat… Siz odamlar bilan samarali muloqot qilish usullarini kitoblar o’qish, kurslarga qatnash, sohadagi maqolalarni tahlil qilish, mentorlar yoki tajribali menejerlar ko’magi bilan o’rganasiz.

4. Talabchan bo’lish va jamoadan ajoyib ishlarni kutish - bu mikro menejment (chayka menejment desa ham bo’ladi) emas. Sizning boshqaruvchi sifatida vazifangiz jamoangizni yuqori sifatdagi mahsulot yaratishiga / xizmat ko’rsatishiga amin bo’lish. Ularning har bir kichik ishlariga, jarayonlariga aralashaverishingiz esa sizni mikro menejerga aylantiradi. Bu negativ ibora, barchaning ishiga burun suquvchi ma’nosini anglatadi. Siz jamoangizga nima qilish kerakligini aytishingiz, ammo, qanday va qachon bajarish kerakligini ularning o’zlari bilan birga hal qilishingiz kerak. Shunda dedlayn va usul borasida ortiqcha talabchan bo’lib ko’rinmaysiz.

5. Ochiqlik va rostgo’ylik usuldan muhimroq. Har kimning o’z usuli bor - kimdir sokinlikni, kimdir keskinlikni, boshqalar esa emotsiyaga ta’sir qilishni, ba’zilar esa raqamlar asosida boshqarish usulini tanlaydi. Yuqoridagilarning istalganini to’g’ri qo’llab ajoyib menejer bo’lishingiz mumkin, faqat bir sharti bor: Jamoangiz bilan doimiy ravishda, qiyin mavzularda ham suhbatlashish va aytilishi lozim bo’lgan achchiq, og’riqli haqiqatlarni aytolishingiz kerak.

6. Juda ko’p xavotirlanavermang, jamoangiz siz kutgandan a’lo ishlar qiladi. Aslida, bu sizning maqsadingiz bo’lishi kerak. Ya’ni, xodimlaringiz shunday tayyorlashingiz kerakki, ular o’z ishlarini sizdan ko’ra yaxshi bajaruvchi bo’lishsin. Qancha ular aqlli, samarador bo’lishsa shuncha sizga yaxshi, bu endi sizni boshqa loyihalarni ham boshqarishga va yakunda menejerlarni boshqarishga olib boradi. (CEO)

“Yaratishga arzigulik narsalarni yaratish borasida g’ayriodatiy qo’llanma” kitobidan olingan xulosalardan.

https://t.me/abdulloh_shamsiddin