Get Mystery Box with random crypto!

Xayrixohlik Bu ikki ijodkorning bugun o‘zbek yoshlari orasida | MehrNoz

Xayrixohlik

Bu ikki ijodkorning bugun o‘zbek yoshlari orasidagi hurmati yuqori. Bunga ular harakati, mehnati, zarur bo‘lganda, kurashi bilan erishmoqdalar.

1. Javlon aka "Qo‘rqma" chop etilgandan keyin kitobxon uchun kashf bo‘lgandek taassurot qoldiradi. Aslida uning ijodkor sifatida shakllanish jarayoni ancha avval ma‘lum ma‘noda tugallangan edi.

Vatan mavzusida butkul lirik hissiyotlar va yangicha rakurs bilan yozilgan "Buxoro, Buxoro, Buxoro" hikoyasi Javlon Jovliyevning nosirlik iste‘dodiga baho berishga kifoya qiladi.

Javlon aka qalban shoir. Men yurt, millat, insoniyat taqdiri haqida u kabi hissiyot bilan, kuyunchaklik bilan gapiradigan ijodkorni yoshlar orasida kam ko‘raman.

"Qo‘rqma" romani va "Issiq qor" spektakli qandaydir tasodif bilan shov-shuvlarga sabab bo‘lgani yo‘q. Ilk qadam kamchiliksiz bo‘lmaydi. Bu asarlarda muallif o‘zi bilgan va nazardan qochirgan xatolar ham bordir.

Lekin tan olaylik, ulardagi millat fojiasi, yurtning ertasiga qayg‘urish ruhida soxtalik yo‘q. Bu ruh asarlarga shunchalik singdirilganki, ularda muallif yurak bo‘lmalarining qisqarib-kengayib, ko‘krak qafasiga urilib turishini his qilasiz.

Javlon akaning nasri - o‘ziga xos, zamon voqealariga hozirjavob bir nasr. Uning uyg‘urlar fojiasi haqida, Myanmadagi musulmonlar qirg‘ini va ukrainlar jasorati haqidagi hikoyalari bunga misol.

Ma'lumot uchun, Javlon Jovliyevning shu kabi asarlari jamlangan yangi kitob "Anorbooks" nashriyotida chop etilmoqda.

2. Mehrinoz Abbosovani avval Zulfiya mukofotini olgan qizlar qatorida bilardim. Uni tanib, so‘nggi yillardagi ishlaridan xabardor bo‘lganim sari bu mukofot uning faoliyatini baholaydigan mezonlar ichida oxirgi o‘ringa tushdi.

Hali bu mukofotni olgan yoshlar orasida Mehrinozchalik adabiy jarayonni rivojlantirishga qanday ma‘noda bo‘lsa ham xizmat qila olgan birovni bilmayman.

Kichik jamoa bilan respublika darajasidagi adabiy tanlovlarni tashkillashtira olgani, yoshlar orasidagi eng ommaviy ijodiy tadbirlarda uning hissasi borligini ko‘pchilik sezib turadi. Ijtimoiy faoliyat va oilaviy hayot bilan birga badiiy ijodni ham uddalab kelayotgani ham tahsinga loyiq.

Hozir Mehrinozning yosh ijodkorlar orasida tutgan o‘rni, menimcha, juda muhim. Biz hammamiz har joyda nimadir qoralab yuraveramiz. Lekin yosh ijodkorlarning kayfiyatini, xohishlarini, talab va takliflarini hukumat vakillariga yetkazish, yosh adabiy avlodni davlatga tanishtirish, davlat idoralari va ulat orasida ko‘prik bo‘lish vazifasini samarali va natijali uddalayotgan inson Mehrinoz Abbosova bo‘lib turibdi.

___

Shu kunlarda bu ikki tengdoshimiz tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.

Fikr aytayotgan, xizmat qilayotgan odamlarni bu narsa ularning vazifasi ekani vaji bilan ba'zan qadrlamaymiz. Lekin ular bu ishni qilmasliklari ham mumkin edi. Bemalol o‘z tirikchiligi bilan andarmon bo‘lishi mumkin edi.

Ammo ular bugun harakat qilyapti. O‘zidan iz qoldirishga intilyapti. Bu yo‘lda ularga xayrixohman.

@suhrob_ziyo1