Get Mystery Box with random crypto!

Bu semestrda Geopolitika va Geostrategiya darsi domlasi Rossiy | Xorijdagi talabadan maktublar

Bu semestrda Geopolitika va Geostrategiya darsi domlasi Rossiyaning Ukrainaga amalga oshirib turgan bosqinchiligi borasida o‘z tahlillarimizni maqola shaklida yozishimizni vazifa qilgan edi. O‘sha maqolani o‘zbek tiliga tarjima qilib, bu yerga ham joylashga qaror qildim.

Oxirgi kunlarda, Xostomel, Irpin va Bucha shaharlarida joylashgan rus askarlarini qurshab olishni rejalashtirish maqsadida, Ukrainaning qarshi hujumi boshlangani haqida xabarlar bor. Bu xabarlar hali tasdiqlanmagan, ammo urush hududlaridan kelayotgan rasm va videolarga tayanib aytish mumkinki bu xabar haqiqatga yaqin. Agar shunday holat yuz bersa, urushda burilish nuqtasi bo‘ladi.

Urushning boshidanoq, Belorussiya orqali Kiyevga yaqinlashayotgan rus qo‘shinlarining Kiyevni o‘rab olishga yetarli kuchi yo‘q edi. Chunki Ukrainaning katta qarshilik ko‘rsatmasligini kutgan Rossiya, o‘rta darajali kuch bilan Kiyev rejimini osonlik bilan o‘zgartirishni va shu tariqa boshqa jabhalardagi katta shaharlarning qarshiliksiz osonlik bilan bosib olinishini reja qilgandi. Bu A rejasi edi va u katta muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlandi.

OAVlarda tarqalgan ruslar urushning boshida tajribasiz askarlarini yubordi degan xabarlar haqiqatga yaqin emas, Chunki ruslar o‘zlarining eng tajribali askarlarini birinchi saflarda yuborganliklari borasida ko‘plab isbotlar bor. Misol uchun urushning dastlabki 72 soatida halok bo‘lgan rus parashyutchilari va mashhur spetnaz qo‘shinlarining o‘lgan yoki asirga olinganligi ko‘rsatilgan ko‘plab dalillar tarqaldi. Parashyutchilar - eng elit rus qo‘shinlari ekanligini unutmaylik. Ruslar uchun nufusli hisoblangan parashyutchilar urushning birinchi haftasida, ko‘p marta qo‘l almashgan hostomel aeroportida va bir nechta muhim strategik nuqtalarda katta yo‘qotishlarga duch kelishdi. Shahar va shahar atrofidagi tumanlarga sabotaj guruhlari sifatida yuborilgan spetnaz askarlari esa yo o‘ldirilgan yoki taslim bo‘lgan.

Rus blitzkriyegi (chaqmoq operatsiyasi) barbod bo‘lgach, B rejasi boshlandi. Aslida, B rejasi eng yomon stsenariy sifatida ishlab chiqilgan. Bu fikrga kelishimga nima sabab bo'lgani borasida sal pastroqda yozaman, lekin avval bu B rejasini taxminan ko‘rib chiqamiz. Reja sharqdan kelayotgan kuchlar va janubdan kelayotgan qo‘shinlarning birlashishi va Kiyevni to‘liq blokadaga olishdan iborat bo'lgan. Bu maqsadga erishish uchun avvalambor Ukraina sharqidagi va janubdagi shaharlarni bosib olish kerak edi, biroq hech bir yirik shahar Rossiya nazorati ostiga tushmadi, faqatgina Qrimdagi rus armiyasi Xerson va Melitopol va Berdiansk kabi kichik va o‘rta shaharlarni muvaffaqiyatli egallab oldi. Rossiyaning bu kichik taktik g'alabasi, matbuotda tilga olinmadi. Buning sababi, Ukrainaning Rossiyaga qarshi urush tashviqoti juda muvaffaqiyatli amalga oshmoqda, ikkinchisi esa Rusparast OAVlar, bu shaharlarda Rossiyaga yetarli dastak chiqmagani uchun propaganda maqolalari tayyorlay olishmayapti.

Urushning borishini chindan ham o‘zgartirib yuborgan shahar esa, bir oydan beri rus askarlarining hujumlariga qarshilik ko‘rsatayotgan Mariupol. Ayirmachi Donetsk qo‘shinlarining ko‘pchiligi va Qrimdan kelgan qo‘shinlar Mariupolni o‘rab olish operatsiyasi tufayli band bo‘lib turibdi. Shuning uchun Rossiya o‘zi xohlagan janubiy koridorni qura olmayapti, chunki ruslar janubda Odessa u yoqda tursin hali Mikolaivni ham egallay ololgani yo‘q, asosiy kuchlar Mariupol bilan band bo‘lib turgani uchun. Reja bo‘yicha janubdagi armiya shu paytgacha dengiz bo‘yidagi barcha shaharlarni egallab, Kiyev tomon yo‘l olishi, janubdan Kiyevni qamal qilib, shimoliy armiya bilan birlashishi kerak edi. Ammo ruslar buni uddalay olmadi va Kiyev shimolidagi rus armiyasi yolg‘iz qoldi. Shuning uchun Kiyev yaqinidagi armiya, oxirgi rejalardan biri hisoblangan c rejasiga o‘tkazildi.