Get Mystery Box with random crypto!

#mulohaza Prof liga 11-tur mulohazalari Prof liga yozgi mavs | ZAKOVAT klubi

#mulohaza

Prof liga 11-tur mulohazalari

Prof liga yozgi mavsumi o‘z yakuniga yetib bormoqda. Atigi bir turdan so‘ng mavsum omadlilari va omadsizlari ma’lum bo‘ladi.

Farrux Rafiqov jamoasi mavsum so‘ngiga kelganda “uyg‘onib qoldi”. Afsuski, endi yuqori o‘rinlar uchun kurashishga kech. Jamoa so‘nggi turda faqat 5-o‘rinni qo‘lida saqlab qolish uchun kurashadi.

Espero jamoasi mavsum tugashi arafasida g‘oliblik uchun dahshatli intriga hozirlab berdi. So‘nggi turlardagi samarali o‘yinlar hozircha 1-o‘rinda turgan Benom jamoasiga maksimal darajada yaqinlashib olishga imkon berdi. So‘nggi turda jamoa Benomni yarim ochkoga ortda qoldirsa ham qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mavsum g‘olibiga aylanadi.

Benom jamoasi butun mavsum davomida barqaror o‘ynab kelgan bo‘lsa-da, katta tajribaga ega bo‘lgan Esperoni o‘ziga yaqinlashtirib qo‘ydi. So‘nggi turda Benom mavsum boshidagi o‘ta yuqori darajasini yana bir marta ko‘rsatib bermasa, ahvoli og‘irlashib qolishi mumkin. Har holda yarim ochkolik farq - bu hech narsa emas.

Hozircha Jobir Ahmedov jamoasida ham mavsum g‘olibi bo‘lish uchun nazariy imkoniyat saqlanib turibdi. Faqat buning uchun raqiblari so‘nggi turda umuman ochko ololmasligi va o‘zi 1-o‘rinni olishi kerak. Bu esa tasavvur qilish qiyin bo‘lgan ish, lekin o‘yinda har narsa bo‘lishi mumkin.

Bingo mavsum g‘olibligidan ham, 2-o‘rindan ham umidini uzib bo‘lgan. Jamoada faqatgina uchinchi o‘rin uchun kurashishga imkon qolgan. Bu yo‘lda ular Jobir Ahmedov jamoasi bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi.

Legion jamoasi so‘nggi 2 turdagi bo‘sh o‘yini bilan bir necha ochkolik farq bilan egallab turgan 5-o‘rnini Farrux Rafiqovga topshirib qo‘ydi. Lekin hamon jamoada imkoniyat mavjud. Buning uchun ular so‘nggi turda 7 ochkolik farqni yo‘qqa chiqarishlari lozim bo‘ladi.

Hozircha kuchli beshlik jamoalari quyidagicha ochkolarga ega:

Benom - 89
Espero - 88,5
Jobir Ahmedov - 79,5
Bingo - 77,5
Farrux Rafiqov - 62,5

Qolgan jamoalar sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini yo‘qqa chiqargan. Jadvalning quyi qismida jamoalar esa Prof ligada jon saqlab qolish uchun kurashadi. Hali biror ochko olmagan jamoalarda ham nazariy jihatdan ligada qolish uchun imkon mavjud. Bizningcha, ligada qolish uchun kurash asosan Musaffo osmon, Kronos, Alfa va O‘zMU jamoalari orasida kechadi.

@zakovatklubi