Get Mystery Box with random crypto!

​​Oʻtgan yili yozda ham deyarli kitob oʻqimay qoʻygandim. Avgu | Zabarjad Mediа

​​Oʻtgan yili yozda ham deyarli kitob oʻqimay qoʻygandim. Avgust soʻngida Zabarjad mediadan chiqqan "Qirolichaning yurishi"ni qisqa muddatda tugatib, shu bilan yana oyiga oʻnlab kitob oʻqiy boshlagandim. Ayni shu blog ham oʻsha paytlar ochilgan. Yaqinda bir yil boʻladi. Bu yozdagi uzoq davom etgan mutolaasiz kunlarimga yana shu nashriyot kitobi bilan yakun yasaldi.

Goʻzal Yaxina – "Zulayho koʻzini ochyapti"

Asar tanish manzara bilan boshlanadi. Zugʻumkor qaynona, hoʻkizsifat roʻzgʻorbop er, erini Xudo deb biladigan, butun hayoti, vaqti, oʻy-fikri eri va qaynonasining xizmatini qilish bilan band, bir xil takrorlanuvchi, hech qachon tugamaydigan qishloq yumushlaridan boshi chiqmaydigan kelin – Zulayho. Keyin syujet juda tez rivojlanadi. Sovet hukumatining siyosati chekka - chekka hududlarda ham oʻz zugʻumini oʻtkazadi. Syujetning tezligiga qarab, asar tez tugaydi deb oʻylagandim, ya'ni undagi voqealar, davr. Ammo uzoq davom etdi. Juda uzoq. Bir insonning umri qadar.

Umumiy, tashqi gʻoya bir qarashda koʻzga yaqqol tashlanadiganday: sovet hukumatining quloqlashtirish siyosati. Ammo Zulayho oʻgʻliga aytib bergan Semurgʻ hikoyasi asar mohiyatini ifodalaganday nazarimda. Bu hikoya Navoiyning "Lison ut-tayr"ida, undan oldin Farididdin Attorda ham bor. Bir guruh qushlar Semurgʻni izlab yoʻlga chiqishadi. Ular yettita vodiydan oʻtishadi. Safarlari juda uzoq davom etadi. Zulayhoniki kabi. Manzilga yetgach barcha Semurgʻ qushi oʻzlarida ekanini koʻradi. Ramziy maʼnoda oʻzligini izlab yoʻlga chiqqan inson oxir - oqibatda uni oʻzidan topadi. Ammo bu yoʻl baribir bosib oʻtilishi kerak.

Zulayho yoʻl boshidaligida, sud unga hukm oʻqiyotganda endi uyga qanday yetvolishidan qaygʻurayotgan Choʻlponning Zebisiga oʻxshardi. Yoʻl oxiridagi odam bilan yoʻl boshidagi odam ayni emas. Zulayho uzoq yoʻlni bosib oʻtadi. Bu ham tashqi qiyinchiliklardan iborat yoʻl. Ham oʻz ongidagi stereotiplarga, qadriyatlarga, qoʻrquvlarga qarshi tinimsiz kurashdan iborat yoʻl.

Negadir doim yaxshi kitoblarda ikkinchi darajali qahramonlar menga bosh qahramon boʻlib tuyulaveradi. Asardagi Ignatov halol, mard, adolatli, u Gorelovga oʻxshab manfaat uchun emas, ishongan gʻoyasi uchun kurashdi, yonib kuydi. Sovet odami degan atama bor, ular shu gʻoyaga rosmana ishonishgan. Ammo oxir-oqibat ular xizmat qilgan, oyoqqa qoʻygan, yoshligini bergan tuzum ularning oʻzini ishlatilgan salfetkaday chiqitga chiqarib tashlaydi.

Asar yarmigacha muallif bir narsaga ogʻishmay amal qiladi, birovga choh qazigan, birovga xiyonat qilgan, birovga yomonlik qilgan qahramonlarning halokatini ikki ogʻizda boʻlsa ham aytib ketadi. Ammo oxirida Gorelov gʻolibona tarzda qoladi. Xulosa oʻquvchiga qoldirilgan, oldingi voqealar izchilligi buzilmay, u ham koʻpga bormasligini tushunish mumkin. Yoki Ignatovlar baribir magʻlub boʻlib, yomonlik jazosiz qolishi ham mumkinligi, dunyoda Gorelovlargina yashab qolishini xulosa qilish mumkin. Bu yogʻi oʻzingizga havola.

Kitob hajman katta, lekin juda tez va ravon oʻqildi. Bunga faqat uning zoʻr yozilgani, zoʻr tarjima qilinganigina emas, texnik jihatdan puxtaligi ham sabab boʻlishini endi-endi bilyapman. Tanlangan shrift, interval kitobning ravon oʻqilishini ta'minlaydi. Ba'zi kitoblar bor, har jihatdan zoʻr, lekin mutolaada ilgarilamay ketasiz. Koʻz ogʻriydi, miya tez charchaydi. Zabarjadning kitoblari esa juda ravon oʻqiladi.
Asar asosida rus kinoijodkorlari sakkiz qismlik serial suratga olishgan ekan. Balki uniyam koʻrib chiqarman. Kitobni esa hammaga bemalol tavsiya qila olaman.

@salimov_blogi