Get Mystery Box with random crypto!

​#Yosh_kitobxonga_tavsiya Abdulla QAHHOR. “Haq so‘zning kuchi | “Yoshlik” jurnali | “Ёшлик” журнали

​#Yosh_kitobxonga_tavsiya

Abdulla QAHHOR. “Haq so‘zning kuchi”.

Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1989-y.
…Yuqori sinflarda o‘qib yurgan kezlarim, jurnalda bir qissacham bosilib chiqdi-yu, o‘z-o‘zidan “maktab klassigi”ga aylandim-qoldim. Xatlar, sal lofi bilan aytganda, kuniga qoplab keladi deng. O‘zimcha “Yozish oppa-oson ish ekan-ku! Eh-he, men hali…”, deya g‘o‘ddayib ham qo‘yaman. Taqdirning inoyatini qarangki, xuddi shu mahallari qo‘limga Abdulla Qahhor asarlari olti jildligining oxirgi tomi tushib qoldi. Hamon esimda, muqovasi qora edi. Kitobni bir o‘qidim, ikki… Maqolalar, suhbatlar, xatlardan tashkil topgan kitob meni osmondan yerga tushirib qo‘ydi, adabiyot kosibchilik emas, o‘ta murakkab, mashaqqatli hunar ekanligini anglatdi. Men sharillatib yozib tashlayotgan ko‘p mashqlarim “Bo‘ri tishiga sera kislotasining ta’siri” qabilidagi dovdirash, to‘g‘rirog‘i “adabiy brak” ekanligini, “yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa to‘g‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham hech narsani his qilmasligini” tushundim. Men “yozilgan narsani o‘chirish, kitobxonga zarur gaplarnigina qoldirish uchun iste’dodning o‘zi kifoya qilmasligini, insof ham kerakligini” anglab yetdim. Qarasam, yozganlarimda qoldirishdan ko‘ra o‘chirilishi kerak bo‘lgan joylari ko‘proq ekan…
Qisqasi, bu kitob men uchun o‘ziga xos adabiy kurs bo‘ldi. Kitobdan olingan uzun-uzun iqtiboslarni yon daftarimga ko‘chirib charchamasdim. Oltinchi jild uzoq yillar yostig‘im ostida saqlanadigan kitob bo‘ldi. Shunga qaramasdan, rosa targ‘ib-tashviq etganimdan so‘ng qiziqib qolib, uni olib ketgan bir havaskor tanishim qaytarish muddati kelganida “yo‘qotib qo‘ydim” deb bahona qilganida rosa kuyganman…
Nihoyat 1989-yili Abdulla Qahhorning maqola va suhbatlari besh jild­lik “Asarlar”ning beshinchi jildida chop etildi. Shundan buyon bu kitobni yonimdan qo‘ymayman.
O‘ylab qarasam, Qahhor qalamga olmagan mavzuning o‘zi qolmaganday. Kuni kecha “Yoshlik”chilar “O‘zingiz yoqtiradigan asarlar haqida bir nima yozib bering”, deb qolishganida, men beixtiyor ulug‘ adibimizning “Yaxshi jurnalning qulog‘i xalq ko‘ksida bo‘lishi kerak” degan maqolasini esladim. Yodingizdadir: “Jurnalning endigi vazifalari adabiyotimiz oldida turgan umumiy vazifalardan kelib chiqadi. Adabiyotimiz oldida turgan vazifalar esa hamon xalq hayotini bo‘yamasdan, buzmasdan ko‘rsatish, yaxshi hayot kechirish uchun kurashda xalqqa chin ko‘ngildan yordam berish bo‘lib qoladi”. Hayratlanmay bo‘ladimi: xuddi shu bugun aytilayotganday tuyuladigan bu haroratli so‘zlar 1958 yili qog‘ozga tushgan.
O‘zingiz ayting, bunday kitobni qayta-qayta o‘qimay bo‘ladimi…

yoshlikjurnali.uz
@yoshlikjurnali