Get Mystery Box with random crypto!

O‘zbekistonda o‘tadigan jahon chempionati qo‘shnilarimiz uchun | Xushnudbek.uz

O‘zbekistonda o‘tadigan jahon chempionati qo‘shnilarimiz uchun omadli kelmoqda

Futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionati 14-senyatbrdan 6-oktyabrgacha O‘zbekistonning 3 ta shahri — Toshkent, Andijon va Buxoroda bo‘lib o‘tadi.

Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtadigan FIFA shafeligidagi musobaqada dunyoning eng kuchli 24 ta terma jamoasi, jumladan, amaldagi gʻolib Portugaliya, besh karra chempion Braziliya, dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan hisoblanadigan Ispaniya va Argentina kabi jamoalar ishtirok etadi.

Eng qizig‘i ushbu musobaqada biz bilan birga yana 3 ta qo‘shnimiz ham qatnashadi. Bunaqasi tarixda bo‘lmagan!

Ya’ni Yevropa nomidan Qozog‘iston allaqachon yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan. Shuningdek, Osiyo kubogi yarim finaliga chiqqan Tojikiston ham o‘z tarixida ilk marta Jahon chempionatida qatnashadi. O‘zi umuman Tojikiston terma jamoasi kattalar o‘rtasida ilk marta FIFA musobaqasida ishtirok etar ekan.

Ertaga Qirg‘iziston va Afg‘oniston o‘rtasidagi saralash o‘yinida kim g‘olib chiqsa, o‘sha jamoa ham o‘z tarixida ilk marta JCHda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. O‘zbekiston yarim finalga chiqib, ushbu 2 nafar qo‘shnimizga JCHga chiqish imkoniyatini yaratib berdi.

Gap shundaki, Osiyo kubogi yarim finaliga chiqqan 4 ta jamoa JCHga chiqar edi. O‘zbekiston esa mezbon sifatida shundoq ham chiqib bo‘lgandi. Chorak finalda Vyetnamni yutib, yarim finalga chiqqanimizdan keyin, chorak finalda yutqazgan jamoalar uchun yana 1 ta o‘rin berildi. Kecha o‘tgan saralash bahslarida Afg‘oniston Iroqni, Qirg‘iziston esa Vetnamni yutdi. Endi ertaga ikkalasi o‘zaro o‘yinda kim JCHga chiqishini aniqlab beradi.

XULOSA: yurtimizda o‘tadigan JCHda 4 ta qo‘shnilar qatnashishi aniq — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston hamda yoki Qirg‘iziston yoki Afg‘oniston.

Bu esa bizning mintaqada futzal qay darajada kuchayganidan isbot bo‘la oladi. JCHda eng avvalo o‘zimizga, shuningdek, qo‘shnilarimizga ham omad tilaymiz!

Aytgancha, ertaga O‘zbekiston va Tojikiston Osiyo kubogi 3-o‘rinini aniqlash uchun maydonga tushadi. Kecha tojiklar mezbon Tailandga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi. Ularda ham asosiy o‘yinda xuddi bizniki kabi hisob 3:3 bo‘lgandi.

Yigitlarimizga omad tilaymiz. Navbatdagi bronza medalini qo'lga kiritishlariga tilakdoshmiz.


@xushnudbek