Get Mystery Box with random crypto!

Talabalar esdan chiqib qoldi. Vazirlar Mahkamasi yechim berish | Xushnudbek.uz

Talabalar esdan chiqib qoldi. Vazirlar Mahkamasi yechim berishi kerak

(Xabar tahrirlandi: biletlarga chegirma va bepul almashtirib berish muddati uzaytirildi)

Anomal sovuq nafaqat uy-joylar va infrastrukturalarga, balki miyalarga ham taʼsir qildi shekilli, tez o‘ylash va aqlli qaror qabul qilish sifati keskin tushib ketganini taʼtillar bilan bog‘liq jarayondan ham ko‘rish mumkin. Mayli, bu haqda hali xo‘b va ko‘p gapiriladi.

Hozir masʼullar eʼtiborini boshqa bir masalaga qaratmoqchiman.

Dastlab 9-yanvardan o‘qishlar boshlanishi kerak edi. Keyin darslar 18-yanvarga qadar uzaytirildi. Xuddi shu uzaytirish haqidagi Vazirlar Mahkamasi bayonida talabalarga beriladigan avia hamda temir yo‘l chiptalariga 50 foiz chegirma muddatini ham 18-yanvarga qadar uzaytirish, shuningdek 9-yanvargacha xarid qilingan chiptalarni bepul almashtirib berish belgilangandi.

Keyinchalik ayrim joylarda o‘qish 11-yanvardan boshlanadi deyishdi. Endi esa kechadan boshlab deyarli barcha hududlar oliy taʼlim uchun ham o‘qishlar 23-yanvardan boshlanadi, deb eʼlon qildi.

Muammo shundaki, Vazirlar Mahkamasi taʼtil muddatini belgilashni hududiy hokimliklarga topshirgandi, ammo hokimlarda avia hamda temir yo‘l chiptalariga chegirma belgilash yoki bu muddatni uzaytirish vakolati yo‘q.

Talabalarning chiptalari esa bugun-erta kuyadi. O‘zi 2-3 marta chipta almashtirib sarson bo‘lgan talabalar, hammasiga ko‘zni chirt yumib, yana bir marta almashtirishga rozi, ammo endi kassalar chegirma bermaymiz yoki tekinga almashtirmaymiz, deyapti. Ular ham to‘g‘ri aytyapti, chunki chegirma muddatini uzaytirish haqida qaror yo‘q. Talabalar hammaning esidan chiqib ketib qoldi.

Bu masala bilan faqat va faqat Vazirlar Mahkamasi shug‘ullanib, yechim bera oladi. Na hokimlikda, na vazirlikda bunaqa vakolat bor. Umid qilamanki, Vazirlar Mahkamasidagi taʼlimga masʼul insonlar tezda bu masalada ham talabalar foydasiga yechim berishadi.

Hazil tariqasida aytganda: "Talabalar ham odam"


@xushnudbek