Get Mystery Box with random crypto!

Ukrain armiyasi vatan himoyasiga kirishgan, biroq ko‘p narsa a | XPRESS

Ukrain armiyasi vatan himoyasiga kirishgan, biroq ko‘p narsa agressorning qarorlari va G‘arbning qanchalik shoshilishiga bog‘liq

Ukraina Rossiyaning oltinchi samolyoti urib tushirilgani, Xarkovda to‘rtta tank yo‘q qilinganini xabar qildi. Bosqinchi tomon yo‘qotishlarni tasdiqlamayapti. Zelenskiy Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzganini ma’lum qildi.

Bugunning o‘zida Ukraina 40dan ortiq harbiysini yo‘qotganini rasman ma’lum qildi. 10ga yaqin tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan. Qurol ishlatishni biladigan erkaklarga qurol beriladi.

Dollar sotib olish kursi 90 rublgacha chiqdi, fond bozorlari qulamoqda. Rossiya Markaziy banki agressiyaning monetar oqibatlarini yumshatish uchun misli ko‘rilmagan intervensiyalar qo‘llashga majbur bo‘lmoqda. Qozog‘iston milliy banki tenge kursini qo‘llash uchun asosiy stavkani birdaniga 3,25 foizga – 13,5 foizgacha ko‘tardi.

Rossiyaning bir nechta shaharlarida fuqarolar ukrainlarni qo‘llab-quvvatlab yakka tartibda piketlar uyushtirmoqda. Rus jamoatchiligi vakillari, qator mashhur shaxslar, olimlar va ziyolilar urushni qoralab chiqishmoqda, biroq hukumat nazoratidagi mediamakonda bu chaqiriqlarga o‘rin berilayotgani yo‘q.

Aleksandr Lukashenko urushda Belarus harbiylari qatnashayotganini inkor qildi. Uning aytishicha, rasmiy Minsk DXR va LXRni tan olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Kollektiv G‘arb esa hozircha faqat bayonotlar bilan cheklanmoqda xolos, Rossiyani to‘xtashga undashi mumkin bo‘lgan o‘ta qat’iy sanksiyalar va Ukrainaga navbatdagi moliyaviy/harbiy ko‘mak paketlari hozircha e’lon qilinmadi.

Ukrain xalqi yurtni himoya qilayotgan o‘z armiyasiga umid bog‘lagan, biroq mamlakatni uchta tomondan o‘rab olgan yuz mingdan ortiq rus qo‘shini istalgan daqiqada total hujumga o‘tishi ehtimolini inkor qilib bo‘lmaydi: avvalroq Putin ukrain harbiylarini qurollarini tashlashga chaqirgandi. Rossiya bu operatsiyadan yakuniy maqsadini va hujum miqyosini ochiqlamagan. Hozirda Ukraina qurolli kuchlarining muhim obyektlari ketma-ket yo‘q qilinmoqda. G‘arbning favqulodda va o‘ta faol aralashuvisiz, urush Kiyevda hokimiyat ag‘darilishi va Ukraina to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tishi bilan tugashi mumkin.

Xpress.uz – Siz kutgan format