Get Mystery Box with random crypto!

Rossiyaning Ukrainaga bosqini: so‘nggi xabarlar Rossiya Mudo | XPRESS

Rossiyaning Ukrainaga bosqini: so‘nggi xabarlar

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning havo hujumidan mudofaa vositalari bostirilgani, ukrain chegarachilari “hech qanday qarshilik ko‘rsatmayotgani”ni ma’lum qildi. Ukraina tomoniga ko‘ra, raqibga munosib javob qaytarilmoqda, agressorning 5ta samolyot va vertolyoti yo‘q qilingan.

Ukrainada harbiy holat e’lon qilingan. Bosh shtab mamlakatning 17ta nuqtasida portlashlar va o‘q uzishlar ro‘y berayotganini ma’lum qildi. Prezident Vladimir Zelenskiy: “Putin Ukraina va butun demokratik dunyoga qarshi urush ochdi”, deya ta’kidlab, har soatda aholiga murojaat qilib turishini bildirdi.

G‘arb davlatlari Rossiyani o‘t o‘chishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirmoqda. Moskva esa tinch aholiga zarar yetmasligi, ukrain mudofaasini izdan chiqarishga qaratilgan zarbalar “yuqori aniqlikda” amalga oshirilayotganini aytmoqda. Biroq allaqachon tinch aholi orasida qurbonlar bor. Kiyev va Xarkov shaharlaridagi metro bekatlari bombadan panagoh vazifasini o‘tamoqda. Ukrainaning g‘arbiy chegara punktlarida avtomobil navbatlari yuzaga kela boshladi.

O‘zbekiston o‘z fuqarolarini Ukrainadan evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda. Kiyevdagi elchixona vatandoshlarni vahimaga berilmaslikka chaqirdi, vatanga qaytish istagidagi o‘zbekistonliklar ro‘yxati tuzilyapti. Ukraina o‘z havo hududini yopdi.

Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davom etmoqda. Prezident “dunyo soat sayin tahlikali bo‘lib borayotgani”, iqtisodiyotni o‘stirish orqali O‘zbekiston mudofaasi kuchaytirilishini aytdi.

Suratda: Kiyev oblastidagi harbiy obyektlardan biri hujumdan keyin

Xpress.uz – Siz kutgan format