Get Mystery Box with random crypto!

Sizlarga nima yordam kerak? Amaldorlar bilan ko‘rishib qolsam | Xondamir | Bloger

Sizlarga nima yordam kerak?

Amaldorlar bilan ko‘rishib qolsam, ko‘pincha aytadigan bir gaplari bor: “Tadbirkorsiz, qanday yordam kerak, nimadir kerak bo‘lsa, ayting”, deyishadi. Ko‘p holatda tashakkur aytib, hammasi joyidaligini bildiraman. Aslida aytadigan gaplarim bor bo‘lsa ham...

Bugungi so‘zlarim aslida tushlarimda ko‘radigan “odil sudlov” haqida. Lekin mavzuni uzoqdan olib kelmoqchiman. Ayni paytda “Najot Taʼlim”da 330 nafar inson 2700 nafar o‘quvchiga dasturlash, dizayn, marketing bo‘yicha 11 xil yo‘nalishda taʼlim berib kelishmoqda. Bu O‘zbekistondagi eng ko‘p o‘quvchiga ega AyTi o‘quv markazi hisoblanadi. Bugun “Najot Taʼlim”ni rivojlantirishdagi eng katta muammo kadr masalasiga borib taqaladi. Taʼlim berish uchun tajribali dasturchi, dizayner, marketolog topish HR bo‘limining eng katta og‘riqlaridan biri. Vaholanki, bu bo‘limda 8 nafar inson ishlaydi.

Mavzuga sudlovni nima aloqasi bor, deyotgandirsiz. Kecha va bugun ikki yigitning “diniy materialni saqlash va tarqatish” bo‘yicha qamalgani haqida eshitdim. Biri SMM-menejer, ikkinchisi kuchli dasturchi yigit. SMM-menejer bo‘lgan yigit bundan 3 yil avval yuklab olgan nashidasi tufayli qamalgan bo‘lsa, dasturchi yigit insonlarga manfaat beradigan mobil ilova tayyorlash jarayonida hatto Din ishlari boʻyicha qo‘mitaning xabari bo‘lgan loyiha uchun qamalgan. Afsus, ming afsus... Eng ajablanarli tomoni shundaki, ikki sudda ham qoralovchi kamroq muddat so‘rasa ham, sudyalar ikki holat uchun ham 5 yil berishgan... Biz uchun kerakli bo‘lgan ikki kadr qamoqda o‘tiribdi, biz kadr izlab yuribmiz...

Mavzuning boshiga qaytgan holda aytaman! Bizga odil, mustaqil sudlov kerak. Nahotki shu yigitlar telegramdagi material uchun qamalishga loyiq deb topilgan bo‘lsa, yigitlar bo‘yicha ijobiy xulosalar ham sudda inobatga olinmagan bo‘lsa? Odil sudlov bo‘yicha kimga murojaat qilishimiz kerak o‘zi? Dardimizni kim eshitadi shu vaqtda? Axir inson achinadi yoshlar uchun...

Aslida mavzu juda keng, men deputatlar, quyi va yuqori palata vakillariga yuzlanmoqchiman. Nima uchun shunday qonun hali ham amalda ekan, siz jim o‘tiribsiz, nima uchun o‘sha qonunni o‘zgartirish tashabbusi bilan chiqmaysiz? Agar tashabbus bilan chiqa olmasangiz, dardimizni eshitmasangiz, nima qilib o‘tiribsiz u yerda, xalqning pulidan oylik olib?

Sudlov tizimiga, qonun chiqaruvchi tizimga yuzlanib aytaman, dardimizni kimga aytaylik, qarg‘ashdan boshqa chora bormi bu kabi holatlar uchun?