Get Mystery Box with random crypto!

SEVGIMIZ O'LDIMI?! Sevgimiz o’ldimi? - libosingiz ko’k, Ko’ng | Xojiakbar Xakimov

SEVGIMIZ O'LDIMI?!

Sevgimiz o’ldimi? - libosingiz ko’k,
Ko’nglingiz – begulxan, ko’zingiz – becho’g‘.
Bizdan borish yo’qdir, sizdan – kelish yo’q –
Kelishsiz dunyoda beg’am, azizim,
Nega ko’zlaringiz benam, azizim?

O’t yetdi – qaqshatdi band-bandlarimni,
Tuproqqa sochdingiz balandlarimni,
Aqlimni, dilimni – bebaxtlarimni –
Borishsiz dunyoga otgan, azizim,
Olisda oy kabi botgan, azizim.

Chunki tunga aytar rost „oh“ingiz yo’q,
Falakda kezgani sha’n rohingiz yo’q,
Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo’q –
Boqaman: nigohim – gumon, azizim,
Yo’llaring tumandir, tuman, azizim.

Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir,
Qizil-sarig’ida – yurak uchadir,
So’ngaklar uchadir, suyak uchadir –
Bu to’fon – xazonlig‘ menman, azizim,
Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim.

Ammo siz sarg’aymang – gulli bog‘ bo’ling,
Yam-yashil ko’karing, mudom sog‘ bo’ling,
Bahorning bag'rida beadog‘ bo’ling –
Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim,
Ikki kuz dunyoga sig’mas, azizim...

Usmon Azim

P.S. negadir shu she'r menga judayam yoqadi. "Negadir".

@xojiakbar_xakimov1