Get Mystery Box with random crypto!

Oʻzbekcha Vikipediya administratorlari nomidan javob: Origina | Oʻzbekcha Vikipediya

Oʻzbekcha Vikipediya administratorlari nomidan javob:

Originali lotin yozuvidagi ismlar oʻzbekcha Vikipediyada lotin yozuviga transliteratsiya qilinmaydi. Masalan, Bill Gates yoziladi, Bill Geyts emas. Shu qoidaga rioya qilib nomlangan maqolalarda maqolaning eng boshida ismdan keyin qavs ichida shaxsiyat ismining talaffuzini yozish kerak. Shuningdek, transliteratsiya qilib yozilgan ismdan tegishli maqolaga yoʻnaltiruvchi (inglizcha: redirect) ham qoʻyish zarur. Masalan: Maykl Jekson → Michael Jackson.

Ushbu qoidaga quyidagi omillar asos boʻlgan:

1. Lotin yozuvini ishlatadigan deyarli barcha tillarda shaxsiyat ismining originali lotinda yozilsa, bu ism transliteratsiya qilinmaydi. Masalan, turk tilida tr:Michael Jackson yoziladi, Maykl Cekson emas. Bu qoidaga amal qilmaydigan tillar orasida ozarbayjon tili (az:Maykl Cekson) hamda Vikipediya va boshqa viki loyihalar tashqarisida oʻzbek tili bor.
2. Umumjahon til huquqlari deklaratsiyasi 34-moddasiga binoan, „Har kim barcha jabhalarda oʻz ismini oʻzining tilida ishlatish, hamda lozim boʻlsa, boshqa yozuv tizimida oʻz ismining eng mos fonetik transkripsiyasini ishlatish huquqiga ega.“ Yaʼni, har qanday shaxs oʻz ismi boshqa tillarda qanday yozilishini belgilash huquqiga ega. Ismi lotin yozuvida yoziladigan shaxs lotin yozuvini ishlatadigan boshqa tillarda ismi aslidek yozilishini afzal koʻradi.
3. Originali lotinda yoziladigan ismni ruslarga taqlid qilib transliteratsiya qilish mantiqqa zid. Masalan, ozarbayjon tilida ism talaffuzi asos oʻlaroq olinmaydi, balki oʻsha ismning ruscha versiyasi olinib, transliteratsiya qilinadi. Masalan, Vasco da Gama ismi ozarbayjon tilida az:Vasko da Qama (Vasko da Qama) deb yoziladi, vaholanki uning ismi Vashku de Gama deb aytiladi; yaʼni ayni damda ozarbayjon tilida va oʻzbek tilida koʻr-koʻrona ruscha yozuv olinib, lotinlashtiriladi.
4. Oʻzbek tilida transliteratsiya qilish qoidalari mukammal ishlab chiqilmagan. Masalan, ayrimlar, jumladan, OAV vakillari oʻzbek tilida Ilon Mask deb yozsa, boshqalar Elon Mask deb yozmoqda. Boshqa tillardagi (fransuzcha, portugalcha va hokazo) ismlarni transliteratsiya qilish masalasida esa bundan ham koʻp qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Oʻzbekcha Vikipediya administratorlari esa boshqa tillardagi ismlarni oʻzbek lotin yozuviga olish boʻyicha qoidalarni ishlab chiqishga masʼul emas. Shuning uchun mukammal qoidalar ishlab chiqilgunicha, Oʻzbekcha Vikipediyada ismlarni aslidek yozishga kelishilgan.
5. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi shaxs uchun ismning originalini yoza bilish kerakli maʼlumot topishni osonlashtiradi, xususan, Vikiombor, Vikimaʼlumotlar kabi Vikipediyaga qardosh loyihalarda.
6. Shaxsiyat haqidagi maqola lotin yozuvida originalidek yozilgani bilan, oʻzbek tilida soʻzlashuvchi oʻquvchi tegishli maqolani topishi va ismni toʻgʻri talaffuz qilishi muammo boʻlmaydi, chunki maqolaning eng boshida, ismdan keyin qavs ichida shaxs ismi talaffuzi keltiriladi. Masalan, „Michael Jackson (talaffuzi: Maykl Jekson) — amerikalik qoʻshiqchi“. Shuningdek, transliteratsiyadan maqolaga yoʻnaltirish qoldiriladi: siz oʻzbekcha Vikipediya qidiruv oynasida Maykl Jekson deb yozsangiz, avtomatik tarzda Michael Jackson maqolasi ochiladi.

Shu oʻrinda aytish joizki, oʻzbekcha Vikipediyada qabul qilingan qoidalarni, jumladan, kishilar ismlarini yozish boʻyicha qoidani oʻzgartirishga ehtiyoj tugʻilsa, oʻzgartirish mumkin. Ammo buning uchun avval forumda keng jamoa ishtirokida munozara oʻtkazilishi kerak.

#TilimizUchun
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube