Get Mystery Box with random crypto!

Yomon, juda yomon qaror! Oq uy bugun har bir talaba (ba’zi me | Uzbekonomics

Yomon, juda yomon qaror!

Oq uy bugun har bir talaba (ba’zi mezonlar bo’yicha) olgan oliy ta’lim kreditining $10,000ga teng qismini “kechib yuborishi” kutilayotgani haqida xabar berdi.

Tabiiyki bu qaror asosan siyosiy mohiyatga ega. Noyabrdagi midterm va 2 yildan so’nggi saylovlarga ovozlarni sotib olishga umid qilinyapti. Tabiiyki, qarz balansi $10,000ga kamayganini ko'rgan fuqaro bundan quvonadi. Aytish joiz, bu qaror osmondan tushgani yo’q. Saylovoldi kampaniyasida ham shu siyosat oldinga surilgan va vada bajarilyapti deyish mumkin.

Qarzdan voz kechish bu bir imtiyozning turi. Bu imtiyoz qanday iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib keladi? Hech qanday siyosiy qarashlari, partiyaviy a’zoligi bo’lmagan iqtisodchilar ham shunday fikrda bo’lishlari tabiiy:

1. Bu regressiv siyosat - imtiyozdan faqat boylar yutadi. Ya’ni, bu soliq to’lovchilarning hisobiga moliyalashtirilayotgan imtiyoz, kambag’al va o’qishga imkoniyati bo’lmaganlar uchun bir dollar ham bermaydi. Xususiy universitetda yiliga $70,000 to’lab o’qigan va keyin yaxshi maosh topayotgan, qarzni yopa oladigan bitiruvchi bundan yutadi. Imtiyoz mukofoti tengsiz bo’linadi. Qarzdan kechirishga ketgan mablag’ning uchdan ikki qismidan ko'prog'i daromad taqsimotining eng yuqori 60 foizidagi odamlarga tegar ekan.

2. Qo’ldan boy berilgan imkoniyatlar. Shu imtiyoz/qarzdan voz kechish uchun ishlatilgan soliq to’lovchilarning har bir dollarini ta’limga bo’lgan imkoniyatlarni tenglashtirish uchun, ta’limga imkoniyati bo’lmaganlar uchun ishlatish mumkin edi.

3. Bu imiyozdan foydalanmagan boylarni ham, ya’ni talabalik qarzini ertaroq to’lab yopib yuborgan fuqarolarni jazolaydi, chunki ular imtiyozdan quruq qolishmoqda - qarzni erta yopganlari uchun. Ya’ni, tartibli fuqaro va intizomli qarz to’lovchilar jazolanmoqda. 

4. Buzilgan rag’batlar tizimi. Qarz olishga talab oshadi, narx ko’tariladi. Inflyatsiyaga hissa qo’shadi. Soliq to’lovchilarga bu siyosat 300 milliardga tushishi mumkin ekan.

5. Siyosiy foyda emas, zarar olib kelishi ham mumkin. Aslida o’ngdagilarni birlashtiradigan qaror bo’libdi, liberal, boy, o’qimishli ziyolilarga berilayotgan bu imtiyoz respublikachi, ta’limga imkoniyati bo’lmagan va soliqlari tengsiz taqsimlanishi ko’rayotgan ovoz beruvchilar birlashadi. Lekin, boshqa tomondan, bu siyosat noto'g'ri ekanligini bilayotgan, va ushbu imtiyozdan naf ko'rmayotgan fuqarolar agar shu siyosat demokratlarni ofisda qolishini ta'minlab berishi kutsalar, ular ushbu “soliqqa" ko’z yumishga tayyormikanlar?

6. Ta’lim krediti xajmi oshib ketgani, qimmat kontrakt narxlari, va qarz oluvchilarning yuki kabi muammolarni bu imtiyoz umuman yechmaydi. Masalan, o’rtacha talabalik krediti $40,000 atrofida. Imtiyoz esa $10,000.

7…

Masalan, aytaylik Alabamaning bir chekka tumanida yashaydigan, oliy ta’limdan bahramand bo’lmagan fuqaro so’rashi mumkin: “Nima uchun mening hisobim evaziga siz, hozirda Goldman Saksda yiliga $124,000 maosh olayotgan, badavlat oiladan chiqqan insonning farzandini Stenfordda o’qishini moliyalashtiryapsiz?”

Qanday xulosalar qilish mumkin? Qarorlarni iqtisodchilar emas siyosatchilar qabul qilishini, va ularning rag’batlari boshqacha bo’lishiga bu ham bir eslatma. Ikkinchi eslatma esa, yaxshi niyatlar bilan qilingan imtiyozlar yomon, regressiv va odamlarni battar qashshoqlashtiradi. Menimcha, boshqa istalgan imtiyozlarga yuqoridagi rakurs orqali qarasa bo’ladi.

Aytgancha, menga qiziq tomoni shundaki, ijro hokimiyatining ushbu qarori, boshqa qarorlar kabi, Oliy sudda ko’rib chiqilishi mumkin. Va u yerda qaror bekor qilinishi ehtimoli bor, yetib borsa. Jarayon shunga yetib borish bormasligi qiziq. Kuzatamiz.

@uzbekonomics