Get Mystery Box with random crypto!

Juda kam sonli bo’lsa ham ba’zi sohalarda bozor iqtisodiyotini | Uzbekonomics

Juda kam sonli bo’lsa ham ba’zi sohalarda bozor iqtisodiyotining qandaydir ko’rinishini, narxlarning erkin shakllanishini ko’rishni boshladik, bu yaxshi. Lekin, bitta sohada mutlaqo sotsializmning alomatlari saqlanib qolgan deb o’ylayman, va afsuski u chuqurroq ildiz olmoqda. Bu asfalt sotsializmi. Bu imkoniyatlar tengsizligini oshiradi, aholini kambag’allashtiradi… Bu haqda batafsilroq katta kolonkada, yaqin kunlarda.

Ungacha eslatib o’taman, O’zbekistonda uzog’i bilan 10% aholida avtomobil bor. Bu optimistik raqam, aslida undan ham kamroq bo’lishi kerak. Ya’ni mutlaqo aksariyat aholimizning harakatlanishi, mobilligi, ishga, o’qishga, davolanishga borishi, va har qanday xizmatlardan foydalanishi jamoat transportiga bog’langan. Lekin aynan o’sha 10% odamlarning imtiyozi butun 90% aholining hisobidan moliyalashtiriladi. Buning yechimi sifatida “demak odamlarni mashinaga o’tqazishimiz kerak ekan, yo’llarni kengaytirishimiz kerak ekan, 115-yil ishlab turgan butun tramvay tarmog'ini olib tashlab uning o'rniga yangi polosalar qurishimiz kerak ekan" degan fikrlar paydo bo'ldi. Bu faqat bizda emas, juda ko’p shaharlar, mamlakatlar shunday xatoni qilishgan. Bizning ustunligimiz, shunday xatolarni ko'rib, qaytarmaslikda bo'lishi kerak edi.

“Qachonki ko’chalarimizda mashinalar soni ko’paysa, qachonki odamlar bemalol mashina olsa ana o’shanda O’zbekiston rivojlangan bo’ladi” degan gap xato. Bu gapning tagida bir ma’no yotadi: mashina olishga yetarli puli paydo bo’lgan, aytaylik 10-15 ming dollar jamg'argan, aholi darxol mashina olishi shart va uning hayoti mashina bilan bog'liq bo’lishi kerak degan. Tabiiyki jamiyatga bunday signal berish noto’g'ri. Mamlakat rivojlanishi aholining kundalik hayoti yaxshilanishi bilan o’lchanadi, va u kundalik hayot ko’chadagi “o’lim mashinalarining” ko’pligidan yaxshilanmaydi, aksincha yomonlashadi. Eng qizig’i, avtomobillashtirish siyosatidan aynan o’sha avtomobil egalari va avtomobil foydalanuvchilari zarar ko’radilar, butun jamiyat bilan birgalikda.

Podkastlarimizda aytgan gapni qaytaraman: Mamlakatimiz rivojlanganligi alomatlaridan biri bu kambag’allarning mashina olib unda yurishga intilishida emas balki boylarning jamoat transportidan foydalanishida.

@uzbekonomics