Get Mystery Box with random crypto!

​​Tirbandlik bu iqtisodiy masala yoki harakatlanish yo’llari v | Uzbekonomics

​​Tirbandlik bu iqtisodiy masala yoki harakatlanish yo’llari va qatnov qisminining kengayishi tirbandlikni kamaytirmasligi, aksincha, ko’paytirishi haqida.

Esingizda bo’lsa biroz avvalroq so’ragan edim:
https://t.me/uzbekonomics/410

So’ralganlarning uchdan biri “ha tirbandlik kamayadi” debdilar. Albatta bu noto’g’ri.

Asosiy sabab oddiy - qatnov qismiga mashina o'tkazuvchanligini oshirish uchun qo’shilgan yo’laklar odamlarga yanada ko’proq mashina haydashga va yanada ko’proq kilometr bosib o’tishga olib keladi. Eng nufuzli iqtisodiy akademik jurnalda chop etilgan izlanishda Toronto va Pensilvaniya universitetlari iqtisodchilari buni ko’rsatib berganlar. Ular nomlagan "yo’l tirbandiligining fundamental qoidasiga” ko'ra harakatlanish uchun qo’shilgan qo’shimcha polosa mashinalar bosib o'tadigan kilometrlarning umumiy sonini ko’paytiradi. Tadqiqotchilar AQShdagi har bir shahardagi qatnov yo’laklari va barcha avtomobilllar bosib o’tgan masofani o’rgangan holda xulosaga kelganlar: yo’llarda mashina sig’imi 10 foizga oshsa o’sha yo’llarda yurilgan umumiy kilometr masofa o'rtacha 10 foizga oshar ekan. Ya’ni birga-bir oshish. Shu kabi tadqiqotlar 1960 yillardan beri qilinadi, va shunqa yaqin natijalarni ko'rsatadi.

Iqtisodchilar ushbu hodisani induced demand yoki latent demand deb tushuntiradilar. Ya’ni siz biror bir arzon yoki tekin narsani ko’proq taqdim etsangiz, odamlar undan ko’proq foydalanadilar. Yashirin talab deb tarjima qilinsa kerak. Shaharning tez sur'atlarda o'sib borayotgan joylarida yangi qatnov yo'llariga bo'lgan yashirin talab katta bo'lishi mumkin. Shartli 2-polosali yo’lni siz 3-polosalik qilib qo’ysangiz, bu yangi haydovchilarni yo’lga jalb qiladi va o’sha uchinchi yo’lakcha tezda to’ladi. Masalan agar siz yarim soat uzoq masofada arzonroq mahsulotlar sotiladigan do’kon borligini bilsangiz ham sizga u yerga borish qimmat bo’lsa (tirbandlik+unda yoqotilgan vaqt), siz u yerga bormaysiz. Lekin, siz boradigan yo’lga ertaga yana bitta polosa qo’shilsa sizda u yerga borish tezroq bo’ladi degan tushuncha paydo bo’ladi va yo’lga chiqasiz. Yangi kengaygan ko’cha haqida eshitgan do’stingiz, qarindoshingiz esa avvallari uzoqlik qilgan, borish shart bo’lmagan joylarga endilikda borish tezlashadi degan tushuncha paydo bo’ladi va ular ham yo’lga chiqadilar. Yoki endi yo’llar kengaydi, uyga yaqin yashab piyoda borishim shart emas, uzoqroqdan uy olaman va haydayman degan qarorlar ham bo’ladi. Xullas, bunday hisob-kitobni va qarorni minglab odamlar qabul qiladilar va natijada umumiy bosib otilgan masofa oshadi, qo’shimcha polosa to’ladi va tirbandlik yechilmaydi.

Siz aytishingiz mumkin, tirbandlik bo’lsa ham ko’chada mashinalar qancha ko’paysa shuncha yaxshi. Va ularning ko’pligi iqtisodiy faollikni oshiradi, chunki har bir mashina qandaydir maqsad bilan yo’lga chiqqan va avval paydo bo’lmagan output endi paydo bo’lyapti deyishingiz mumkin. Lekin bu o’z tasdiqini topmagan. Yana so’rashingiz mumkin, nima uchun shuni bilib yoki bilmay turib shaharlar ma’muriyati yoki mas’ul idoralar yo’llarni kengaytiradilar? Javobi oddiy, birinchidan billmasliklari (avvalgi post) va onson yechim qidirishda, ikkinchidan kengaytirilgan yo’l yoki yangi katta yo’l bu soliq to’lovchiilar oldida jozibali hisobot berishninig bir yo’li.

Quyidagi grafikka izoh: yo'llarda tirbandlik, tiqilinch bo’lmasa qatnov hajmi o’sish tempi ko’k chiziqda. Ma’lum ekvilibriumda tirbandlik o’sish sur’ati qisqaradi (egri chiziq gorizontal holatga keladi), chunki maksimal darajada yo’llar to’ladi-da. Agar o’sha muvozanatda (o’rtadagi nuqta) yangi polosalar qo’shilsa va yo’l kengaysa qatnov hajmi yangi muvozanatga kelguniga qadar yana o'sib boradi. Yangi qatnov hajmi qizil chiziqda, ya’ni ular qo’shimcha mashinalar, qo’shimcha bosib o’tilgan kilometrlar.

Tirbandlikni qisqartirish uchun unda nima qilish kerak degan savolga javob boshqa, va u haqda ham yozarman. Yo’llarni kengaytirish esa tirbandlikni oshirsa oshiradi, lekin kamaytirmaydi.

@uzbekonomics