Get Mystery Box with random crypto!

Oʻtgan hafta bir ekonometrik gʻoyani intuitsiyasini qaytarish | Uzbekonomics

Oʻtgan hafta bir ekonometrik gʻoyani intuitsiyasini qaytarish uchun va umuman olganda sabab va oqibat haqida fikrlash uchun bir kitobni sotib oldim. Bundan oldin u kitobni hali yozilish chogʻida elektron tarzda oʻqigan edim. Kitobni nomi — “Causal Inference: The Mixtape”.

Muallif kitobni juda yaxshi yozgan, ham statistik jihatdan ham gʻoya va intuitsiya jihatidan ancha zoʻr kitob. Bu kitob men uchun, ancha yil oldin ekonometrikani oʻqigan odam uchun foyda boʻldi, lekin aminmanki, umuman statistikani maktabdan beri qaytarmagan odamlar uchun ham birdek foydali boʻladi. Yaxshi tomoni: kitobda ehtimollar nazariyasi va statistikani ham kerakli joylarini tushuntirib ketgan. Kitobni darslik sifatida ham, kerakli maʼlumotlarni olish uchun stol usti kitob sifatida ham va qiziqarli yozilgan hikoya kitobi sifatida ham foydalansa boʻladi. Qizig’i kitobni xarid qilishiz shart emas, bu yerda elektron kitobni tekinga o'qisangiz bo'ladi. (men qog'ozda o'qishni yaxshi ko'rganim uchun oldim holos)

Shu janrga yaqin Angris va Pischkenning ikki “shedevr” kitoblari, “Mastering ʼMetrics: The Path from Cause to Effect” va “Mostly Harmless Econometrics: An Empiricistʼs Companion” ga juda o’xshash tilda va formatda yozilgan ekan. Qattiq tavsiya qilaman. Ayniqsa sabab va oqibatni bog’lash haqida jiddiy mulohazalarni o’qish, ko’pchilik uchun foydali bo’ladi deb o’ylayman.


P.S. “Shedevr kitob” iborasini mening marhum matematika oʻqituvchim, Oʻzbekiston Milliy Universiteti Dotsenti va Matematik Analiz kafedrasida tadqiqotchi - Nazirjon aka Sultonov ishlatar edilar. Negadir shu kitobni oʻqib, domlamni esladim. Yaxshi masalalar toʻplami bor kitoblarni “shedevr” deb atar edilar. Masalan, Grigoriy Fixtengoltsning “Matematik Analiz” kitobini, Uolter Rudinning “Matematik Analiz” va albatta Azlarov va Mansurovning analiz kitoblari, rahmatli Nazirjon akaning “shedevr kitoblar” roʻyxatida edi. Roʻyxatda yana qanday kitoblar bor bilmadim-ku, lekin shu iborani endi tushungandekman.