Get Mystery Box with random crypto!

XI asrning oxirlarida hukmdorlik faoliyatini boshlagan Anushte | Temuriylar tarixi

XI asrning oxirlarida hukmdorlik faoliyatini boshlagan Anushtegin — xorazmshohlar sulolasi o'g'uzlarning Bekdili urug'idan yetishib chiqqan edi. Anushteginiylarning Xorazmdagi hukmdorlik faoliyatida davlat boshqaruvida yozilmagan, lekin sulola qat'iy amal qiladigan bir qonun bor edi. Anushtegin xorazmshohlarning valiahdlari, hukmdorlari ularning Bekdili urug'iga mansub xotinlaridan tug'ilgan farzandlaridan tayinlanardi. Boshqa urug', qabila, xalqqa mansub ayollardan tug'ilgan shahzodalar hukmdorlik mansabiga loyiq ko'rilmasdi. Bunday tartib mamlakatda urug'lar, qabilalar o'rtasida taxt uchun kurashlarni kamaytirishga, anushteginlarning hukmronlik qudratini oshirishga, Xorazmning imperiya darajasiga ko'tarilishiga xizmat qildi. Bu holat 1077-yilda Anushtegin G'arjoyining davlat tepasiga kelishidan toki 1200-yil Takash hukmdorligi oxirigacha davom etdi. 1200-ilda Takashning o'g'li Alouddin Muhammad xorazmshohlar taxtiga o'tirishi bilan bu yozilmagan qonunga putur yetdi. Muarrixlarning ma'lumotlariga ko'ra, Takashdan keyin taxtga uning o'g'li Nosiriddin Malikshoh o'tirishi kerak edi. U Takashning Bekdili urug'iga mansub xotinidan tug'ilgan, bu sulolaning ichki qonun-qoidalariga mos tushar edi. Lekin Nosiriddin Malikshoh 1197-yilda vafot etadi. Natijada Takash o'ziga valiahd qilib Alouddin Muhammadni tayinlaydi. Alouddin Muhammad Takashning qipchoq urug'iga mansub xotini Turkon xotundan dunyoga kelgan. Ammo Takash hokimiyat to'laligicha yarim qipchoq Alouddin Muhammad qo'lida qolib ketishini istamaydi. Uni Bekdili urug'iga mansub Oychechakka uylantiradi. 1199-yilda ular oilasida Jaloliddin Manguberdi tug'iladi. Takash ajdodlari an'analarini davom ettirish, yozilmagan qonunga amal qilish niyatida Jaloliddinni Alouddin Muhammadning valiahdi deb e'lon qiladi. Shu tariqa u xorazmshohlar taxtida Bekdili urug'iga mansub anushteginiylar sulolasi hukmronligi davom etishini orzu qiladi. Afsuski, uning orzulari ro'yobga chiqmaydi. 1200-yili Takashning vafotidan so'ng o'g'li Alouddin Muhammadni ham, u boshqargan Xorazmshohlar davlatini ham Turkon xotun qo'lga oladi. Hokimiyat tepasidagi Bekdili urug'iga mansub beklar, sarkardalarni mansablaridan chetlashtirib, yuqori lavozimlarga qipchoq urug'idan bo'lgan o'z yaqinlarini qo'yadi. O'g'li Alouddin Muhammadni esa qipchoq xonlarining qizlariga uylantiradi. Ulardan tug'ilgan farzandlarni taxt vorislari etib belgilaydi. Eri Takashning vasiyatiga qarama-qarshi o'laroq Jaloliddinni valiahdlikdan chetlashtiradi, uning o'rniga Muhammadning qipchoq xotinidan bo'lgan o'g'li O'zloqshohni valiahd qilib tayinlatadi. Shu tariqa Oychechak va uning o'g'li Jaloliddin bilan Turkon xotun o'rtasida qarama-qarshilik kuchayadi. Mamlakat hayotida qo'shhokimiyatchilik yuzaga keladi. Xorazmshohlar davlatini bir tomonda — Gurganjda turib Turkon xotun, ikkinchi tomonda — Samarqandda turib Alouddin Muhammad boshqaradi. Lashkarlar, sarkardalar, “davlat ustunlari” o'rtasida ziddiyatlar avj oladi, mamlakatda yakdillik, birlik yo'qoladi.

@UZB_TEMURIYLAR