Kel, barini boshlaymiz boshdan, Qo‘y, qiynadik ko‘ngilni g‘ash | Umr Falsafasi

Kel, barini boshlaymiz boshdan,
Qo‘y, qiynadik ko‘ngilni g‘ashlab.
Va yurakni yasatib toshdan.
Bu safar men ketaman tashlab.

Sen bo‘lasan bu safar majnun,
Hijron seni tutadi o‘qqa.
Men bariga yasayman yakun,
Chiqaraman barini yo‘qqa!

Kel, boshqatdan boshlaymiz...
Bu gal,
Chin sevasan, men esa yolg‘on.
Sen bo‘lasan yo‘limga mahtal,
Men bo‘laman dimog‘i osmon!

Va bu safar sevdirgunimcha,
Poyinga gul tashlayman to‘shab.
Yonganmidim sen deb ozmuncha,
Joni tekin telbaga o‘xshab?!

Endi kelsin senga ham navbat,
Shunday sevki, chidab bo‘lmasin!
Menga o‘yin bo‘lsin muxabbat,
Senda boshqa chora qolmasin!

Kel, booooshidan boshlaymiz,
Keyin,
Shirin so‘zlab seni etgum rom.
So‘ng mehrsiz qo‘yib atayin!
Seni barbod qilay batamom!

Ko‘ngil shaxring darvozasin och,
Oq bayroqni qo‘y baland ilib.
Keyin mayli qayga qochsang, qoch,
Eng rahmsiz yovligim bilib!

Kel, boshidan boshlaymiz,
Qo‘rqma,
Men senchalik vahshiy emasman!
Tashlab ketsang o‘laman dema,
Men qon ichib, yurak yemasman!

Men senchalik vahshiy emasman!

Malika Salimova


@Umr_Falsafasi
Umr Falsafasi

Umr Falsafasi

@umr_falsafasi
16.88K Obunachilar
Iltimoslar Toifa
✍️ She'riyat 🖇 Falsafa 🌱 Psixologiya 📖 Mazmunli satrlar ❤️ Qalbga yaqin so‘zlar 📚 Mulohaza Reklama: @Umr_info...