Azoblar yurakka tig‘ joylaganda, Raqiblar tinmayin yo‘l poylag | Umr Falsafasi

Picture 1 from Umr Falsafasi 2022-11-13 11:30:50
Azoblar yurakka tig‘ joylaganda,
Raqiblar tinmayin yo‘l poylaganda,
Tuhmatlar ortingdan musht shaylaganda,
Samimiy kulishni o‘rganish kerak...

Ortingdan quvlashib yetsa mish-mishlar,
Tomog‘ingdan oshib ketsa tashvishlar.
Oyog‘ingni zanjirband etsa yumushlar,
Indamay yurishni o‘rganish kerak...

Do‘stlaring sotsalar og‘ir damingda,
Bir suyanch bo‘lmasa biror kamingda.
Og‘irroq xastalik bo‘lsa taningda,
Sabr-la ko‘nishni o‘rganish kerak...

Davlating bo‘lmasa orzuga loyiq,
Biror yumushinga kulsa xaloyiq.
Ro‘zg‘or ummonida bo‘lmasa qayiq,
Noiloj suzishni o‘rganish kerak...

Oqil bo‘lmasa gar umr yo‘ldoshing,
Farzand xatosiga egilsa boshing,
Behuda oqmasin ko‘zingda yoshing,
Taqdirga ko‘nishni o‘rganish kerak...

Bahorni sevsang-u qish kirib kelsa,
Shabboda o‘rnida izg‘irin yelsa.
Bulbullar o‘rnida qarg‘alar kulsa,
Qadriga yetishni o‘rganish kerak...

Oy kuning sanog‘i oxirga yetsa,
Ruhing vujudingni tark etib ketsa,
Sirotda Payg‘ambar qo‘lingni tutsa,
Indamay o‘lishni o‘rganish kerak...

@Umr_Falsafasi
Umr Falsafasi

Umr Falsafasi

@umr_falsafasi
16.88K Obunachilar
Iltimoslar Toifa
✍️ She'riyat 🖇 Falsafa 🌱 Psixologiya 📖 Mazmunli satrlar ❤️ Qalbga yaqin so‘zlar 📚 Mulohaza Reklama: @Umr_info...