Get Mystery Box with random crypto!

Ateist Bundan ikki yil oldin, maktabni tugatay deb yurgan vaq | Tingla Hayot | Najot Ilmda!

Ateist

Bundan ikki yil oldin, maktabni tugatay deb yurgan vaqtimda men ham karantindan "unumli foydalanib" - rosa bahslashganman. Xuddi bugun Twitter va Facebook'dagiga o'xshash bahslar qandaydir telegram kanal va guruhlarda bo'lardi. Karantin ta'siridanmi yoki boshqa - har doim so'kinish bilan tugardi. Hamma o'z g'oyasini singdirishga harakat qilardi. O'zining haq ekanligini isbotlamoqchi bo'lardi. Radikal bo'lmaganlar ham radikalga aylanardi. Muhit ta'siridan ateist bo'lib ketganlar ham bo'lardi, musulmon bo'lib ketganlar ham topilardi. Lekin juda kam, 3 yoki 4 kishi. U yerdagi dil og'ritishlar va kamsitishlarni ko'rsangiz.. Eh-he.. Tepadagi natija bo'lmasayam mayli edi deb yuborasiz. Ya'ni radikallar ikkala tarafda ham yetarlicha edi. Hozir ham shunaqa.

Men ham ba'zida aralashib, bir marta rosa so'kingandim. Keyin ularning eng katta argumenti - mening so'kinishim bo'ldi. Bitta bahs uchun bu yetarli edi va bu mag'lubiyat. Shundan keyin so'kinmaydigan bo'ldim, dars bo'ldi. Endi o'sha vaqtda faqat haqiqatni men bilaman deb o'ylardim. Juda ko'p demayman, lekin 10-15 ta o'zini ateistman deganlar bilan bahslashganman. Bittasidan boshqa hammasida - so'kinmay, sog'lomroq bahs bo'lgan. Savollarni ko'piga copy+paste bilan javob berardim. Chunki hammasida deyarli bir xil savol. Ammo..

Lekin bittasi bor edi-ki, uning qanday ateist bo'lgani meni hayron qoldirardi. U bahslarda ko'pincha qozi vazifasini bajarardi. Mo'tadil edi. Uning javoblaridan keyin na u taraf va na bu taraf g'ing deyolmas edi. Tajribasi bor edi. Qachondir u bilan alohida gaplashib ko'rishni ko'zlab yurardim. Bir kuni guruhda o'zi yozib qoldi. Ya'ni bizning bahsga qozilik qilishni boshladi. Meni ham, men bilan tortishayotganni ham xatolarimizni topib, dalillari bilan tashladi. Miyya sovigandan keyin, suhbat qilishga chaqirdim. Muomalasi joyida, xatosiz yozardi. Aytishicha barcha muqaddas kitoblarni o'qigan va ba'zilarini hali ham o'qiyotgan ekan. Tabiiyki savol paydo bo'ldi. Nega unda birini tanlab, haq deb qabul qilmagani qiziq edi. Nima xato bor ekan-ki, u ateist? O'sha yoshim uchun juda kuchli javob qabul qilgandim. U "Men kitoblarni xato topish uchun o'qimayman, o'zimdagi xatolarni to'g'irlash uchun o'qiyman" mazmunida gap aytgan edi. Qo'shimchasiga hali ateist ekanligini hech kim bilmasligi, o'zi ham arosatda qolganini va shu maqsadda hozir faqat vaqtini shu uchun sarflayotganini aytdi.
Gaplari qanchalik rost, qanchalik yolg'on - bilmadim. Lekin men o'sha kundan keyin bu ishlarimni yig'ishtirdim. Vaqtimni o'qish uchun sarflab, hali hech narsa bilmasligimni angladim. Qadriyatlarimga putur yetmadi, aksincha endi qanaqadir his paydo bo'la boshlagandi. Vaqtimga ham baraka kirdi, fikrlarimning tarqoqligi ketdi. Har biridan bir shingildan olib, ikki yil ichida ancha o'zgardim deb ayta olaman. Va yana bir umidim bor-ki, anavi ateistman deb aytgan ham hidoyatni (to'g'ri yo'lni) o'zi uchun topgan.

Nima demoqchiman, bugun bahslaringiz effekti nolga teng. Chunki ishonchni to'rtta gap bilan o'zgartirish qiyin masala. Bundan bitta post oldinda aytganimdek, faqat axloqimiz bilangina bu effektlilikni oshirishimiz mumkin. Aks holda kommentda yozganingiz - o'sha kommentning o'zida qolib ketaveradi. Uzog'i uch kun va aktuallikni yo'qotadi. Shu bilan men ham bunaqa masalalarga endi aralashmaslikka harakat qilaman, sizlarga ham shu tavsiya.
#osonroq_yashaylik

@Tingla_Hayotm