Get Mystery Box with random crypto!

Lekin to'ymadik. Ark juda keng, juda katta edi. Tarixni sevgan | TIB🌏sfera (official)

Lekin to'ymadik. Ark juda keng, juda katta edi. Tarixni sevgan kishiga bir kun emas, bir hafta ham kamlik qiladi bu joyni o'rganishga. Biz esa bir soatda bu qiyin ishni amalga oshirdik

Yugurib - yugurib hammasini ko'rib chiqdik. Hozir o'tiribmiz, shunaqa narsalar ko'ribmizaa deb)))

Arkdan chiqqach to'g'ri mehmonxonaga yo'l oldik. Uyerdan avtobusga minib ancha yildan buyon ziyoratiga mushtoq bo'lganimiz "Chor Bakr" majmuasiga bordik.

Asr namozini mana shu joyda o'qidik. Namoz oxirida old safda bir kishi duo qildi. Duo qilganda faqatgina sunnatda kelgan duolarni qilishlaridan va arab talaffuzi tiniq ekanligidan ilm ahillaridan ekanini angladik. Namozni tugatgach u kishining yoniga bordim. "Hazrat, biz vodiydan ziyoratga keldik, duo qilib bersangiz haqqimizga" dedim. Yaxshiyam shu ishni qilibman. Ham duo oldik, ham bu majmua tarixiga oid juda qiziq ma'lumotlar eshitdik. O'ziyam yarim soatdan ortiq tik oyoqda turib masjid ichida bizga suhbat qilib berdilar. Bilmadim, jamoamizdagi bollarning samimiyligi, yonib turgan ko'zlari, endi nima derkinlar deb og'izlariga tikilib turishlari sabab bo'lsa kerak ochilgandan ochilib uzoq suhbat qildilar. O'zlari ham gapirib to'xtagilari kelmasdi.

Chor Bakrlar kim bo'lgan, kimlarga ustozlik qilgan, qaysi davrda yashagan, bu majmuani qurdirgan Abdullaxon II kim bo'lgan, uning ustozi Xoja Islom Jo'yboriy va Xoja Sa'd Jo'yboriylar kim edi, xalqqa qanday xizmatlar qilgandi, o'sha davr insonlari qanday edi, ruslar bosqinidan keyin bu joylar qanday ahvolga tushgandi, mustaqillikdan keyin kimlarning xizmati bilan hozirgi obod holga kelganini zavq bilan tingladik.

Suhbatdan keyin duolarini oldik, bizga Chor Bakr masjidi yonidagi Avdullaxon II masjidini ham ochtirib berdilar. Bu masjid yaqinda ta'mirdan chiqibdi. U joyni ham havosidan nafas olib chiqdik, Alhamdulillah.

Undan keyin majmuadagi Xoja Sa'd va boshqa Jo'ybor shayxlarining haziralari (oilaviy qabr) ni ziyorat qildik. Ziyorat so'nggida Chor Bakrlardan bo'lgan Abu Bakr Sa'd va Abu Bakr Muhammad ibn Fazl, hamda Abdullaxon II ni Abdullaxon qilgan piri-murshidi Xoja Faxriddin Islom Jo'yboriyning qabrlari oldida Qur'on tilovati qildik, uzoq duolar qildik.

"Chor Bakr" o'zining muhabbatini qalbimizga yozib qo'ydi. Yana kelasizlar deb bizdan va'dalar oldi go'yo.

Keyingi manzilimiz "Abu Hafs Kabir" maqbaralariga bo'ldi.

Maqbaraga yetib keldik. Bu zotning haybatlari bosib kela boshladi. Tanamiz qaltirab, qalbimiz esa junbushga kelishni boshladi. Maqbaraga to'g'ri keldik. Maqbaraga harakat asnosida Abu Hafs Kabir hazratlari haqida so'zlashib kelayotgan edik.

Qarasak, maqbara eshigi ochilgan, chiroqlari yoniq, ichkarida 3-4 ta qabr tosh va bir oq sallali kishi o'tiribdi. Yuragim shig'illab ketdi. Bu onlarni necha yildan beri orzu qilaman. Buxoroga borishimni hayolimda tasavvur qilaman, mana shu zotlarni ko'rishimni, ular bilan salomlashishimni, ularga nimalar deyishimni qayta-qayta o'ylab ssenariy chizib chiqaman. Va nihoyat, men orzu qilgan vaqtlar...

Turkiyalik ulug' olim va mutasavvif Mahmud Afandi rohimahullohning shogirdlaridan birini uchratgandim, ichkaridagi bu sallali kishi bilan hali salomlashmadim, ismini so'ramadim, lekin bunga ismimni bilganim qadar amin edim.

Boshlarini bir yonga eggan, tizzalab cho'kka tushgan, bir nimalarni pichirlab o'tirardilar. Ularning ziyoratlari tugab maqbaradan chiqishlarini kutdik. Lekin birdan shomga azon aytila boshladi.

Hammamiz shom namozini o'qish uchun biroz naridagi masjid tomon yurdik. Namoz boshlanmasidan orqaga qarayman, u zotlar ham kelib namoz o'qirmikin, namoz so'nggida salomlashib duolarini olish nasib qilarmikin deyman. Namoz tugadi, lekin ular ko'rinmadi. Namozni tugatib yugurgancha yana maqbaraga qaytdik. Hayriyatki, ular hali hamon o'sha yerda edilar.

Va nihoyat tashqariga chiqishdi. Yuragimni chaynab olgandek edim. O'zimda emasdim. Jamoamizdagilar ham ming bir qiziqish bilan ularga qarab turishardi. Ha aytgancha, ular bir emas 3 kishi edi.

Ular bilan salomlashdik, hol ahvol so'radik, hayolimda tuzgan ssenariylarim bir pul bo'ldi)
Hayajondan duduqlanib qoldim.