Get Mystery Box with random crypto!

ZIYORATIMIZ TAASSUROTLARI (2-qism) Samarqand Samarqandda ha | TIB🌏sfera (official)

ZIYORATIMIZ TAASSUROTLARI (2-qism)

Samarqand


Samarqandda ham bizni juda ko'p ulug'lar kutib turardi. Ziyoratimizni ana shu ulug'lardan biri Mahdumi A'zam Dahbediy (Kosoniy) hazratlarini ziyorat qilishdan boshladik.

Afsuski, bu zot haqlarida na u yerdagilar va na atrofdagilar xabardor. Ziyorat qiluvchilar ham kam. Lekin, ziyoratgoh juda obod etilgan, bir necha asr ilgari gurilgan yozgi va qishki masjidlari kishini o'sha zamonga bir muddat olib ketadi. Bu yerda ham uzoq muddat qololmadik, qadimgi tabarruk masjidda ikki rak'at namoz o'qib, hazratning qabr boshlarida Qur'on tilovat qilib haqlariga duo qildik. Ularning hurmatidan ota-onalarimiz, ustozlarimiz, shogirdlarimiz haqlariga ko'p duolar qildik.

Bu joydan chiqib Mahdumi A'zam hazratlarining katta ustozlari, butun Movarounnahrni nurga va irfonga to'ldirgan, sarkardalar-u sultonlarga, olimlaru shoirlarga ustozlik qilgan buyuk valiyulloh Hoja Ahror Valiy hazratlarining ziyoratlariga bordik.

Ziyoratgohning qadim masjidida boshqacha bir kayfiyat bilan peshin namozini o'qigach, hazratning qabrlari tomon yurdik. Bilasizmi, ziyoratgohga yaqinlashmasdan yuraklarimiz dukillashini his qilib bordik. Yetib kelgach u zotlarning fayzi va haybatidan badanlarimiz qaltirab, sovuq terga botdik.

Qur'on tilovati qilingach, uzoq-uzoq duolar qildik. Hoja Ahror Valiy hazratlarining hayoti, xalq uchun qilgan xizmatlari, yashagan davrlari haqida uzoq suhbat qildik. Suhbatimiz tugadi, lekin odamni bu joydan sira ketgisi kelmaydi. Qani endi imkoni bo'lsa, umr bo'yi qolib ketsang. Hoja Ahror Valiydek zotning izlari qolgan tuproqlarni ko'zingga sursang.

Ming bir qiyinchilik bilan bu fayzli dargohdan ayrildik. Tushlik qilib bo'lgach Shohi Zinda majmuasiga yo'l oldik.

Bu joyda qo'nim topgan Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu ning fayzlaridan atrofni ham, o'zimizni ham unutdik. Chuqur hayolga berilib, asri saodatni esladik, qalblarimiz shirin entikdi, tomoqlarimiz qaqrab, nafaslarimiz tezlashdi. Hazratning qabrlari yoniga kelganimizda esa tamoman o'zimizda emasdik. Nahotki, Habibimiz alayhissalomni ko'rgan ko'zlar, u zotning ovozlarini eshitgan quloqlar, u zotning muborak badanlariga teggan qo'llar shu joyda yotgan bo'lsa?!

Shu zayl bir mavhumlik ichida Qur'on tilovat qildik, duo qildik. Yana shu hayajon ichida u joydan tashqari chiqdik. Tashqariga chiqqanimizdan keyin sal o'zimizga keldik. Lekin sezdikki, qalblarimiz oldingidek emas, qandaydir sakinat ichida qolgandi. Qusam ibn Abbos hazratlarining huzurlariga kirganimizda boshqa odam edik, qaytib chiqqach butunlay boshqa biriga aylandik.

Ana shu farah va sakinatga to'lgan holimizda qadim tarixga ega Hazrati Hizir masjidlariga bordik. Masjid yaqinidagi Islom Karimov qabrlarini ham ziyorat qildik. Qur'on tilovat qilib, haqlariga duolar qildik.