Get Mystery Box with random crypto!

Joyi qorongʻulikdan iborat bo'lsinki, natijada yorugʻlikka int | Ayyubxon Fargʻoniy

Joyi qorongʻulikdan iborat bo'lsinki, natijada yorugʻlikka intilsin. Joyi torlikdan iborat bo'lsinki, natijada kenglikka intilsin. Bu unib chiqishi uchun yerga suqilgan urug' holati.

Odamda ham o'sish, intilish bo'lishi uchun hozirgi muhitida qandaydir cheklovlar, yetishmovchiliklar, noqulayliklar bo'lishi kerak. Bularsiz bo'lmaydi.

- Yaxshiroq dasturchi bo'lish uchun hozir nimalarnidir bilmay qiynalsin. Ko'proq o'rganishga rag'bat bo'lsin shunda.
- Endi ish boshlaganda ishlatadigan noutbuki nisbatan kuchsiz yoki biroz eski bo'lsin. Shunda tezroq yaxshi pul topib yanada yaxshirog'ini, kuchlirog'ini olishni qasd qilsin.
- Boshlagan ishida oyligi kam bo'lsin, shunda tezroq yetarli tajriba to'plab yaxshiroq oylikli ishga o'tib ketishga harakat qilsin.
- Dasturlashni o'rganishni boshlaganida uyida internet rasvo bo'lsin, tok o'chib tursin. Shunda bor internetdan, tokdan ham unumli foydalanib, dasturlashni o'rganib tezroq yaxshi joylarga ko'chib ketishni reja qilsin.
- Dasturlashni o'rganish uchun resurslar cheklangan bo'lsin, toki boridan ham unumli foydalanishni o'rgansin. Resurslar, imkoniyatlar haddan ziyod koʻpligi esa shunchaki miyani falajlantiradi, tanlovni qiyinlashtiradi.

Men umuman sharoit chatoq bo'lsin demoqchi emasman. Urug' ham eson-omon unib chiqishi uchun u ekilgan yerda yetarlicha namlik va quvvat mavjud boʻlishi kerak albatta. Insonda ham shunday, faqat hozirgi sharoitida mavjud cheklovlar, to'siqlar borligi unda tezroq bu noqulayliklardan qutulish yoki o'zgartirish xohishini paydo qiladi, rivojlanishga undaydi.

Yuqorida yozganlarimning aksarini o'z boshimdan o'tkazganman. Kuchsiz noutbuk, rasvo internet, dasturlashni mustaqil o'rganish uchun mavjud resurslarning cheklanganligi...

Shunday ekan, nolimang. Qiynaling. Noqulaylik sherigingiz bo'lsin. O'zingiz xohlagan darajada erishguncha albatta.