Get Mystery Box with random crypto!

#joiz_3 2023-yilning ilk asarini yakunladim. Vali G'OFUROV 'V | Izhor | Quvonch Bek

#joiz_3

2023-yilning ilk asarini yakunladim. Vali G'OFUROV "Vafodor".

Ehtimol orangizda ushbu asarni o'qiganlar bo'lishi mumkin. Asarning hajmi kitobxonga sabr-matonatni o'rgatadigan darajada. 500 varoqdan ko'proq ushbu asarni 4 kun mobaynida yakunladim. Gap hozir necha kunda tugallab uni sizlarga aytib maqtanishimda emas. Gap shundaki, kitobning "jodusi" shu qadar kuchliki, uni tezroq tugallab qo'yishni istaysiz.

CHIN muhabbatni necha yoshingizda his qilgansiz? Yoki uning hissi sizda qanday kechgan? Ehtimol, orangizda sevgi ta'mini totganlar bo'lishi mumkindir yoki umuman, hali bu "ko'ngil qasriga" qadam bosmaganlar ham bo'lishi tabiiy. "VAFODOR" shunday asarki, haqiqiy sevgining bor bo'yi-bastini chizib bergan. Yozuvchi tomonidan gavdalantirilgan har bitta juft personajlarning taqdiri sizni asarni boshidan-oxirgacha befarq qoldirmaydi. Ishoning, ular bilan birga yashaysiz. Ularni his qilasiz, ular bilan nafas olasiz. Aytish lozimki, ularga o'xshab sevib-sevilishni istab qolasiz.

Bugun ertalab choy ichib xandon kulishib o'tirgan odamingiz bilan yarim soatdan keyin nima bo'lishini bilasizmi? To'g'ri, buni hech kim bilmaydi va siz ham, men ham "basharotchi" emasmiz. Asarning yana o'ziga xos jihati shundaki, taqdirlar shu qadar chiroyli tizilganki, o'qib "nima bo'lsa ham tugab qolmasin" degan ichki ovoz jaranglab chiqaveradi.

O'LIM, AYRILIQ, HASAD, HUSUMAT, TUHMAT... Yashashishingiz mobaynida sizga zarba beradigan ushbu holat-u illatlarga hamisha tayyor turish kerakligini yana bir bor isbotladi.

MUHABBAT, VAFO, SADOQAT, HAQIQAT... Hayotda yashash uchun muhim tuyg'ularni sof saqlash lozim. Hissiz yashashdanda og'ir holat bo'lmasa kerak, nazarimda.

Rustam bilan Muhabbatning sevgisi, Fozil bilan Katyaning ahd-u paymonlari, Karomatning sadoqati, Anya bilan Svetaning umr yo'li hamon fikrimda tizginsiz aylanmoqda.

Asarni maslahat beraman. O'qishga kirishing. Ehtimol, siz mendanda tez asarni yakunlab, xulosalaringizni o'rtoqlasharsiz.

Ha, aytgancha asarning yakuni nimtabassum uyg'otadigan so'zlar bilan yakunlangan:

"XAYR, VAFODORIM, XAYR!"

@sukunatdan_keyin