2020-08-05 05:55:06
O‘ZIMGA
Baxtiyor emishsan,
Obod emishsan,
Tabriklar! Orzungning ro‘yobi kelmish.
Ichingdan bo‘yniga ilganing kishan
Ingrayotgan ruhning faryodi kelmish:
“Ey gumroh, Haq senga boqdimi qiyo?
Riyosan, riyosan, riyosan, riyo...”
Voh-voh, ishq haqida ertaklar aytding,
Kim senga yuz burdi, kim bo‘lding oxir?
Qay so‘zni aytding-u, qay so‘zdan qaytding?
Bari yolg‘on bo‘ldi... jim bo‘lding oxir.
Sen ishq deb yurganing bir dardi dunyo,
Riyosan, riyosan, riyosan, riyo...
Yo‘qsa, aytmasmiding dunyoga boqib:
Dildan neki o‘tsa, bari sof, halol...
Agar subhidamdan xabar bermasa,
Gulga bargidagi shabnam ham malol.
Sen kimsan, nimasan, ogohdir Xudo,
Riyosan, riyosan, riyosan, riyo...
Bir dog‘ bor, “men” degan dog‘ bor ichingda,
Hech kimsan, dildan shu dog‘ inmaguncha.
Bir ko‘zda betama baxt ko‘rmoq uchun
Ko‘nglingdan bir zarra oh unmaguncha.
Lekin shu zarraga yetguningcha to
Riyosan, riyosan, riyosan, riyo...
Suhrob ZIYO
@Shaxnoza_Xon
279 viewsSuhrob Ziyodov, 02:55